French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zmilliybank” tashabbuskor tadbirkorlar bilan hamkorlikka doimo tayyor
11:22 / 2023-10-27

Sifat, qulaylik va tezkorlik bugungi kun talabi. Xoh ishda, xoh ko‘chada, xoh o‘z uyingizda bo‘lsin bu har birimiz uchun juda kerak. Sababi vaqt sur’ati sizu bizni kutib turmaydi. Shu bois qaysi xizmat bo‘lmasin, eng yaxshisi va eng ishonchlisini tanlashga harakat qilamiz. Demak, xizmat ko‘rsatish sohasida endilikda raqobat kuchli. Sifatli xizmat yaxshi daromad degani.

“O‘zmilliybank” AJ esa aynan servis tarmog‘ini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Buni birgina Buxoro viloyatida amalga oshirilgan ishlar misolida tahlil qilamiz. 

Viloyatda 2023 yilning o‘tgan 9 oyi davomida tijorat banklari tomonidan 2 413 ta tadbirkorlik sub’ektlariga 1897 milliard so‘m kredit ajratildi. Joriy yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra, viloyatda xizmatlar sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar soni 21 ming 119 tani tashkil etdi. Natijada xizmatlar sohasida yangi tashkil etilgan loyihalar hisobiga 41 ming 847 nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan. Ta’kidlash joiz, hududda xizmatlar sohasining savdo-sotiq, tibbiyot, ta’lim, turizm, transport va boshqa bir qator yo‘nalishlari rivojlanmoqda. Bu esa hududning infrastrukturasi va iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda munosib ulush bo‘layotir.

Yosh tadbirkor Aziz Qorayev o‘z mablag‘i va “O‘zmilliybank” Buxoro viloyati Bosh boshqarmasi moliyaviy ko‘magida uch yilda yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Foydalanilmay kelinayotgan binolar ishbilarmonning sa’y harakati bilan salobatli va aholi eng gavjum maskanga aylandi. “CITY SPORT BUKHARA” MCHJga qarashli sog‘lomlashtirish markazida ayni paytda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan aholi sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Mazkur markazda bolalar va kattalar uchun yopiq suzish havzasi, trenajyor, gimnastika zali, tuz bilan davolash xonalari, Fin saunasi, sog‘lomlashtiruvchi massaj xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Asosiysi mashg‘ulotlar malakali sport murabbiylari nazoratida olib boriladi.

– Markazimizda mashg‘ulotlarni sport ustalari, O‘zbekiston va xalqaro musobaqalar chempionlari o‘tkazib boradi. Hozirgi kunda shu markazning o‘zida 10 dan ortiq xodimlar faoliyat yuritadi. Kuniga 100 dan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatamiz, – deydi tadbirkor Aziz Qorayev. 

Sog‘lomlashtirish markazi binosi ikki qavatdan iborat bo‘lib, birinchi qavatida cho‘milish havzasi, sauna, tuzli xonalar bo‘lsa, ikkinchi qavatida gimnastika va dam olish zallari o‘rin olgan. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 16,9 milliard so‘mni tashkil etib, shundan bank tomonidan ajratilgan 10 milliard so‘m miqdoridagi kredit mablag‘i evaziga har bir mashg‘ulot zali kerakli sport inventarlari bilan to‘liq jihozlangan.

– Markazga ilk bora kelganimda shunchaki yengil mashg‘ulotlar olib borish uchun kelganman. Ammo bu yerda professional sportchilar va malakali murabbiylar tavsiyasini eshitgach, menda ham sportga qiziqish uyg‘ondi. Hozirda bir nechta sport turlarida o‘z mahoratimni oshirib boryapman, – deydi Farrux Eraliyev. – Eng asosiysi, markaz zamonaviy sport jihozlari bilan ta’minlangan. Shuningdek, do‘stlaringiz bilan maroqli suhbat qurib dam olish uchun ham maxsus xonalar tayyorlangan. Juda fayzli va shinam maskan.

Tadbirkor bu loyihadan tashqari, restoran xizmatini ham yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek, to‘y va marosimlar o‘tkazish uchun 250 o‘ringa mo‘ljallangan shohona koshona shu hudud aholisi xizmatida. Bino klassik va zamonaviy dizayn asosida bezatilgan bo‘lib, bu yerda ham 10 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Ishbilarmon Aziz Qorayevning “O‘zmilliybank” bilan hamkorlikdagi yana bir loyihasi tibbiy xizmat yo‘nalishi bo‘yicha 66 o‘ringa mo‘ljallangan “SOFI MED” klinikasidir. Ushbu tibbiy muassasada kardiologiya, nevrologiya, ginekologiya, fizioterapiya, laboratoriya bo‘limlari tashkil etilib, malakali shifokorlar mijozlarga xizmat ko‘rsatmoqda. Hozirda tadbirkorning mazkur 3 ta loyihasi asosida 70 nafar aholining ish bilan bandligi ta’minlangan.

– Albatta, tadbirkor uchun moliyaviy ishonchli hamkor juda zarur, – deydi tadbirkor Aziz Qorayev. – Bu borada “O‘zmilliybank” Buxoro viloyati Bosh boshqarmasi bilan doimiy aloqadamiz. Bank qo‘llab-quvvatlasa, biz ham yangi loyihalarni amalga oshiramiz, yangi ish o‘rinlari yaratib, yangi xizmatlarni joriy etamiz.

Shubhasiz bu jarayon servis tarmog‘i rivoji va hududning iqtisodiy ravnaqiga xizmat qiladi.

“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati