English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zmilliybank” — tadbirkorlarning ishonchli hamkori
12:50 / 2025-11-06

O‘zbekiston Respublikasi Milliy banki aksiyadorlik jamiyati Matbuot xizmati tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari uchun Jizzax viloyatiga tashkil etilgan press-tur davomida bank kredit mablag‘lari orqali vohada amalga oshirilayotgan yirik va samarali loyihalar bilan yaqindan tanishuv bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, bu borada moliya muassasalariga muhim vazifalar yuklatilgan. “O‘zmilliybank” AJ bu yo‘nalishda ishbilarmonlarga ishonchli moliyaviy hamkor sifatida faoliyat yuritmoqda.

Bankning Jizzax viloyati bosh boshqarmasi hozirda 320 mingdan ziyod jismoniy va yuridik mijozlarga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ayni paytda yuridik mijozlar soni 6 mingdan, jismoniy shaxslar soni esa 50 mingdan oshib ketgan.

Boshqarma tarkibida 3 ta bank xizmatlari markazi (Jizzax amaliyot, Industrial va Mirzacho‘l BXM) hamda 1 ta bank xizmatlari ofisi (Paxtakor BXO) faoliyat yuritmoqda.

So‘nggi 12 oyda 5400 dan ortiq mijozga jami 544,8 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilgan. 2025 yil oktyabr holatiga ko‘ra, bankning umumiy kredit portfeli 3,3 trillion so‘mni tashkil etadi. Shundan 915 nafar tadbirkorlik sub’ektiga 2,46 trillion so‘m, 15 ming 900 dan ortiq fuqaroga esa 838,4 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari berilgan.

Bankning hududiy dasturlariga ko‘ra, Jizzax viloyatidagi 4 ta tuman va shahardan 26 ta mahalla faoliyati “O‘zmilliybank”ka biriktirilgan bo‘lib, 26 mahalla agentlari va 8 mahalla bankirlari ish faoliyatini olib bormoqda.

[gallery-26101]

Joriy yilning yanvar–oktyabr oylarida bank ko‘magida 17 ming 634 nafar aholi bandligi ta’minlangan. Shundan 7447 nafari doimiy ishga joylashgan, 10 ming 187 nafari esa tadbirkorlik faoliyatiga jalb etilgan.

Jizzax viloyati tabiiy boylik va iqtisodiy imkoniyatlar uyg‘unlashgan hudud sifatida jadal rivojlanmoqda. Tadbir ishtirokchilari viloyatdagi bir qator samarali loyihalar bilan yaqindan tanishtirildi.

“Nurli to‘lqin” xolding kompaniyasi  xorijiy texnologiyalar asosida turli turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqaradi. Yillik quvvati 460 ming tonnani tashkil etuvchi zavod asfalt, bitum-emulsiya va mineral kukun tayyorlaydigan kichik korxonalarni ham o‘z ichiga oladi.

– Seximiz “O‘zmilliybank” kredit mablag‘lari hisobiga joriy yil mart oyida “Nurli to‘lqin” xolding kompaniyasi tizimida barpo etildi, – deydi texnik xizmat boshlig‘i Ikrom Shonazarov. – Bu yerda 140 nafar ishchi mehnat qiladi. Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan “Nurli to‘lqin” korxonasiga qarashli 500 ga yaqin maxsus texnika mavjud bo‘lib, ularga texnik xizmat ko‘rsatish, shuningdek, ish jarayonida ta’mirlashga muhtoj bo‘lib qolgan texnikalar aynan ushbu seximizda ta’mirlanadi. To‘liq mexanizatsiyalashgan ushbu seximizda bir vaqtning o‘zida 40–45 ta texnika turlari ta’mirlanadi. Seximizga Turkiya va Eron mutaxassislari kelib, bu yerdagi yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berdilar. Ishchi va xizmatchilar uchun ham  barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

– “O‘zmilliybank”dan kredit olib, ishni 25 kishi bilan boshlaganmiz, – deydi    “Ultra Beton” — innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarish markazi  direktori Umid Asrorov. – 7,5 gektarlik umumiy maydonga ega korxonamizda hozir 180 dan ortiq ishchi faoliyat yuritmoqda. Har oy 18–20 ming kub metr hajmda 15 turdagi temir-beton va suyultirilgan qorishma beton mahsulotlari yo‘l va inshootlar qurilishi uchun ishlab chiqaramiz. Mahsulotlarimiz butun respublika bo‘yicha buyurtma asosida yetkazib beriladi.

Bir vaqtlar dong‘i ketgan  Sharof Rashidov nomidagi kombinat bundan 40 yil muqaddam inqirozga yuz tutib, unga tegishli bo‘lgan inshootlar qarovsiz va tashlandiq holatga kelib qolgandi. 2019 yildan “O‘zmilliybank” va korxonaning o‘z mablag‘lari hisobiga 97 million yevroga ana shu ob’ekt tubdan qayta qurilib, so‘nggi rusumdagi eng zamonaviy xorijiy uskunalar bilan jihozlandi va kombinat 2024 yilda o‘z faoliyatini qayta boshladi.

– Hozirgi kunda loyihaning birinchi bosqichi ishga tushirilgach, 450 ta yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, bir oyda 12 ming tonna kallava ishlab chiqarilmoqda, – deydi sex boshlig‘i Mirkomil Normatov. – 2027 yilgacha ikkinchi bosqich faoliyatini boshlagach, to‘quv va tikish sexlari ishga tushadi va jami 2500 ta ish o‘rni yaratiladi. Unda har oy 3 million dona choyshab hamda 13 million dona bolalar, ayollar va erkaklar ichki kiyimlari ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz. Mahsulotlarimizning katta qismi eksportga yo‘naltiriladi.

Prezidentning 2023 yil 16 fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida jamoat transporti tizimida brutto-shartnoma usuli joriy etildi. Ushbu islohotlarni amalga oshirishda “O‘zmilliybank” yetakchi moliyaviy sherik sifatida ishtirok etmoqda.

Jizzax shahrida “Bizning kuch” MCHJga 2,7 million AQSH dollari (19,2 million yuan) miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Bu mablag‘lar hisobiga 30 dona “Yutong” rusumli avtobus sotib olindi va 35 ta ish o‘rni yaratildi.

– Aholi yangi avtobuslardagi qulayliklar va yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatdan benihoya mamnun, – deydi korxona ta’sischisi G‘ayrat Mavlonov. – Hozirda bu avtobuslarimiz uchun shaharda 2 ta yangi yo‘nalish tashkil etilib, yo‘lovchilarga namunali xizmat ko‘rsatilmoqda. Bundan tashqari, 80 ta yo‘nalishsiz taksi, 2 ta turistlar uchun xizmat ko‘rsatuvchi maxsus avtobus va 14 ta mikroavtobusimiz ham mavjud bo‘lib, jami 120 dan ortiq kishi doimiy ish bilan ta’minlandi.

Zamonaviy ta’lim loyihasi bo‘lmish “Jizzax International” xususiy maktabida 55 nafar o‘qituvchi va tarbiyachi 620 nafar o‘quvchiga o‘zbek, rus va ingliz tillarida namunali ta’lim berib kelmoqda.

– “O‘zmilliybank”dan 1 million 300 ming AQSH dollari miqdorida kredit olib, Jizzax tibbiyot texnikumiga qarashli bo‘sh turgan yotoqxonani ijaraga olib, tubdan qayta ta’mirladik. Eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy xorij jihozlari o‘rnatildi va xalqaro talablarga to‘liq javob bera oladigan maktabga aylandi, – deydi maktab direktori Fotima Abdullayeva. – Har kuni o‘quvchilarimiz issiq ovqat va yarim nonushta bilan ta’minlanmoqda. Ushbu yotoqxonaning bo‘sh turgan 4-qavatini ham ijaraga olib, “O‘zmilliybank” AJdan yana kredit olib, maktabimiz qoshida bolalar bog‘chasini ochishni rejalashtirganmiz.

Xulosa qilib aytganda, “O‘zmilliybank” AJ mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xizmatlar sohasidan tortib sanoat va ta’lim yo‘nalishlarigacha bo‘lgan keng qamrovli loyihalarni moliyalashtirishda ishonchli hamkor sifatida faoliyat yuritib kelayotgani alohida tahsinga loyiq.

Bankning asosiy maqsadi — iqtisodiy barqarorlik va yurt taraqqiyoti yo‘lidagi hamkorlik tamoyillariga sodiq qolishdir.

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA