Yoshi ulug‘ hamyurtlarimiz yaxshi eslashadi. Ilgari shahar markazidan olisda yashaydigan aholi uchun tibbiy xizmat olish eng katta muammo edi. Sababi bu borada hududlarda na sharoit, na imkoniyat bo‘lmasdi. Hattoki malakali tibbiy mutaxassislar ham yetishmas edi. Bemor yoshidan, holatidan qat’iy nazar markazdagi shifoxonaga borishiga to‘g‘ri kelardi. Bugun bu haqiqatlar sekin-asta ro‘yoga aylanmoqda. Xizmatlar tarmog‘i rivojlanmoqda. Ayniqsa tibbiyot tobora takomillashib, nafaqat davlat shuningdek, xususiy markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Quvonarlisi, ularda zamonaviy tibbiy uskunalar, so‘nggi andozadagi laboratoriya jihozlari, tibbiy apparatlar o‘rnatilib, aholiga sifatli va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Hatto noyob hamda murakkab turdagi jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishiga sharoit yaratilmoqda. Albatta, xususiy tarmoqning rivojlanishida moliyaviy ko‘makning ahamiyati muhim. Bu borada “O‘zmilliybank” AJ tadbirkorlar va ishbilarmonlar uchun qulay takliflar berayotgani hamda ularning tashabbusli loyihalarini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani shular jumlasidandir.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Xorazm viloyatida 457 xususiy tibbiyot muassasalari mavjud. Ulardan 374 tasi ambulator va 83 tasi statsionar sharoitda, 4 tasi chet el qo‘shma korxonalari bo‘lib 68 turdagi ixtisosliklar bo‘yicha aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.
Xususan, Hazorasp tumanida joylashgan “Marhabo Medical Centry” xususiy klinikasi ham “O‘zmilliybank” AJ bilan doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Klinikani ishga tushirish loyihasining umumiy qiymati 4 milliard 120 million so‘m bo‘lib, shundan 3,2 milliard so‘mi “O‘zmilliybank” AJ kredit mablag‘larini tashkil etadi.
– Bizning klinikamizda 10 dan ortiq yo‘nalishda (xirurgiya, urologiya, ginekologiya, stomatologiya, kardiologiya, terapevt va boshqalar) bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Shuningdek, UTT (UZI) va zamonaviy talablarga javob beradigan laboratoriya, statsionar davolanish uchun 10 o‘rin mavjud, – deydi klinika shifokori Baxtiyor Otajonov. – Xodimlarimiz soni – 15 nafar. Klinikamizda nafaqat statsionar va ambulator davolanish uchun sharoit, shuningdek, jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish uchun imkoniyat bor. Maqsadimiz murakkab turdagi jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishni joriy etish va markazimizda malakali tibbiyot xodimlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishdan iborat. Bu borada biz shubhasiz bankning moliyaviy ko‘magidan foydalanamiz va navbatdagi loyihamizga zamonaviy tibbiyot apparatlarini xarid qilishni rejalashtirganmiz.
Chindan, bugun faoliyat olib borayotgan klinika Hazorasp aholisi uchun katta qulaylik yaratdi. Ilgari oddiy laboratoriya tahlillari uchun ham vaqtini, ham naqdini sarflaydigan kattayu kichik aholi endilikda shu yerning o‘zida hamma tahlillarni topshirish, davolanish imkoniga ega bo‘ldi.
– Birinchi farzandim uchun homiladorman. Yaqinda tekshiruvlardan o‘tib, kamqonligim uchun davolanishim kerakligini tavsiya etishdi, – deydi Shahlo Zokirova.– Yaxshi sharoitlar borligini eshitib, shu klinikada statsionar davolanyapman. Toza, ozoda, zamonaviy sharoitlarda tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yilgan.
Uch qavatdan iborat klinika binosida nafaqat tashhislash va davolash, shuningdek, sog‘lomlashtirish uchun ham kerakli sharoit yaratilgan.
–Markazimizda faqat bemorlarni davolamaymiz. Aksincha, kasallikni oldini olishga ahamiyat qaratamiz. Shuning uchun tibbiy xizmatlar safiga, massaj, foydali vanna hamda asablarni tinchlantiruvchi bosh uchun turli muolajalarni yo‘lga qo‘ydik, – deydi biz bilan suhbatda klinika shifokori Baxtiyor Otajonov. – Avvaliga bu xizmatni kelgan bemorlarga o‘zimiz taklif va tavsiya etardik. Endilikda aholining o‘zi bu xizmatlardan foydalanishni istab kelmoqda. Maqsadimiz O‘zmilliybank bilan hamkorlikni davom ettirib, bu borada uning moliyaviy yordamidan foydalanish orqali sog‘lomlashtirish bo‘yicha ham yangi loyihamizni joriy etish.
Albatta, bugun nafaqat Hazoraspda, Xorazmning barcha hududlarida ana shunday tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. “O‘zmilliybank” AJ esa bu borada o‘z ko‘magini doimo taklif etadi va ishbilarmonlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi.
Reklama huquqi asosida
“O‘zmilliybank”AJ
Matbuot xizmati