Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zmilliybank ko‘magida bolalar o‘yingohi barpo etildi
17:24 / 2023-07-18

Toshkent shahridagi “Yangi Sergeli” mahallasi bolajonlari uchun yoz mavsumining bu galgisi kutilmagan voqealarga boy bo‘ldi.

“O‘zmilliybank” AJ moliyaviy ko‘magida yillar davomida hududdagi qarovsiz yotgan tashlandiq yerda mo‘’jazgina zamonaviy bolalar o‘yingohi barpo etildi. Endilikda ushbu manzilda istiqomat qiladigan ota-onalarning farzandlaridan ko‘ngli xotirjam. Sababi avvallari yosh bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli  o‘tkazishi uchun mahalla hududida sharoit yo‘q edi.

– Qachonlardir bu yerda bolalar maydonchasi bo‘lgan, ammo vaqt o‘tishi bilan u yaroqsiz holga kelib qolgan edi, – deydi “Yangi Sergeli” MFY raisi Mirsol Niyozov. – Ammo bankning tashabbusi bilan bu joy obod qilinib, fayzli go‘shaga aylandi. Bolalar uchun maxsus attraksionlar, futbol maydoni qurilib, sog‘lomlashtiruvchi sport inventarlari o‘rnatildi. To‘g‘risini aytsam, bu joy nafaqat bolajonlarning, kattalarning ham dam olish maskaniga aylandi.  

Yangi ochilgan o‘yingohning ilk tashrif buyuruvchilari ham bolajonlar bo‘ldi. Ular o‘yingoh ichidagi rang-barang attraksionlarda maza qilib o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Shu bois ularning bu quvonchiga ota-onalarning ham sevinchi qo‘shilib ketdi.

– Juda ajoyib va kutilmagan yangilik bo‘ldi. Sababi har doim bolalarimiz uchun ana shunday ko‘rkam maydonchaga ehtiyojimiz bor edi. Bank tomonidan barpo etilgan ushbu o‘yingoh hatto biz kutganimizdan ham a’lo va sifatli qilib qurilgani bizni quvontirmoqda. Endi bolalarimiz ko‘z o‘ngimizda shu o‘yingohda bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga imkoniyat bor, – deydi Zuhra Davronova.

Hududdagi bolalar shu paytgacha qo‘shni mahalladagi o‘yingohlarga borib futbol o‘ynar edi. Ammo endi bunga hojat yo‘q. Sababi qo‘shni mahalla bolalari havas qiladigan o‘yingoh barpo etildi. Yashil chim ustidagi futbol o‘yini bolajonlarga o‘zgacha zavq bag‘ishlamoqda.  

Albatta, bolalar quvonchidan ortiq saodat yo‘q dunyoda. Binobarin, ular ertangi kun egalari. “O‘zmilliybank” AJ esa bu borada o‘z tashabbuslarini ilgari suraveradi. Eng asosiysi, yurtdoshlarimiz orzusini amalga oshirishga doimo ko‘makdosh bo‘ladi.  

“O‘zmilliybank” AJ

Matbuot xizmati

O‘zA