Nukusda “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan ӯtkazilgan tadbirda ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan iqtisodiyotning lokomotivi hisoblangan bank krediti va investitsion mablag‘lari hisobidan hududlarni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari va infrastrukturalar yaratish borasida keng kӯlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati tomonidan muayyan ishlar olib borilmoqda. Tizimni isloh qilishni chuqurlashtirish va barqarorligini ta’minlash, istiqbolli investitsiya loyihalari hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini kreditlashni yanada kengaytirish, bank mijozlariga sifatli bank xizmatlarini taqdim etish alohida e’tibor qaratilmoqda.
“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali 1993 yil 23 yanvardan 20 nafar ishchi xodim bilan o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 202 nafar professional mutaxassis bilan bankning Nukus shahri, Qo‘ng‘irot, To‘rtko‘l tuman filiallarida aholiga, xorijlik mehmonlar va investorlarga hamda tadbirkorlik sub’ektlariga sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Shuningdek, Xo‘jayli, Chimboy, Amudaryo tumanlarida bank xizmatlari markazlari ham faoliyat yuritmoqda.
Bank tomonidan ajratilgan kreditlar hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida katta maydonlarda intensiv bog‘lar, yirik sig‘imli zamonaviy muzlatgichlar, savdo va maishiy xizmat kursatish markazlari, umumiy ovkatlanish maskanlari tashkil topdi. Umumiy hisobda oxirgi uch yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 10 dan oshiq yirik loyiha moliyalashtirildi. Ushbu moliyalashtirilgan loyihalarning ishga tushirilishi natijasida 1000 nafardan ortiq fuqaroning bandligi ta’minlangan.
Joriy yilning 1 yanvar holatiga filial jami 46 ming nafar mijozga xizmat ko‘rsatiladi. Shundan 43 mingdan ortig‘i jismoniy va 2 mingdan ziyodi yuridik shaxs hisoblanadi. Jismoniy shaxslarning jami depozit qo‘yilmalari 90,1 milliard so‘mni tashkil etadi.
To‘lov plastik kartochkalaridan foydalanishda qulaylik yaratish maqsadida joylarda 12 ta bankomat, 6 ta infokioska, 1451 ta savdo terminali dislokatsiya qilingan. Bundan tashqari, aholiga valyuta amaliyotlarida qulaylik yaratish maqsadida shahar hududida 2 ta valyuta ayirboshlash shaxobchasi va 24/7 rejimda xizmat ko‘rsatuvchi 2 ta avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash shaxobchasi (bankomat) Nukus shahri aholisi hamda mehmonlariga xizmat ko‘rsatmoqda.
Bankning filialida zamonaviy innovatsion bank xizmatlari ko‘rsatilishiga alohida ahamiyat qaratilgan. Mijozlarning 70 foizi hisobraqamlarda aylanmalarini amalga oshirish, onlayn kredit rasmiylashtirish yoki kredit qarzdorligini qoplash, xalqaro va milliy plastik kartochkalarda amaliyotlar hamda to‘lovlarni amalga oshirish, omonat rasmiylashtirish, valyutani ayirboshlash, pul o‘tkazmalari kabi masofadan boshqariladigan bank xizmatlaridan foydalanmoqda.
2021 yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatish hajmi 8,3 trillion so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 119 foizga yetgan. Sohadagi 15,5 ming ta korxona tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarning respublikadagi ulushi 3,0 foizni, aholi jon boshiga yillik miqdori 4,3 million so‘mni, yalpi xududiy mahsulotdagi ulushi 35,4 foizni tashkil qilib, band bo‘lgan aholi soni 132 ming nafarga yetkazildi.
2022 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmatlar sohasida 42371 ta yangi ish o‘rnini yaratish, ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmi ӯtgan yilga nisbatan 154 foizga o‘sishini ta’minlash reja qilib olingan. Shuningdek, filial tomonidan hududiy investitsiya dasturi doirasidagi loyihalarga 101,3 milliard so‘m ekvivalentida kredit mablag‘i ajratildi.
Tadbir ishtirokchilari yangi binoda xodimlar hamda mijozlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA