Hududlarda ishsizlikni kamaytirish, bandligi ta’minlanmagan fuqarolarni kasb-hunarga o‘rgatib, ish o‘rinlarini yaratish maqsadida “Milliy bank” AJ tomonidan yangi loyiha ishlab chiqildi. Gap shundaki, bankning respublikamizdagi hududiy filiallari mutaxassislari, hokim yordamchilari va tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari hamkorlikda ishsiz fuqarolarni qisqa muddatli kurslarda o‘qitish va bandligini ta’minlash borasida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘ydi.
Masalan, Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida bankning ko‘magi bilan 40 nafar fuqaro ushbu dastur asosida o‘qitilmoqda. Muhimi, bu yerni tamomlagan tinglovchilarning ish joylari aniq. Bank mijozlari bo‘lgan kafe va restoranlar o‘rtasidagi kelishuvga asosan ularga malakali ishchi-xizmatchilar tayyorlab berilmoqda.
Tinglovchilar ushbu kurslarda bepul tahsil oladilar, hunar egallaydilar. Muhimi, o‘zlari tanlagan sohada mehnat qiladilar.
Umuman bugungi kunda respublikamizda 37ta “Ishga marhamat” monomarkazi va 52ta kasb-hunarga o‘qitish muassasalari mavjud bo‘lib, ularda fuqarolarimiz 70 dan ortiq zamonaviy kasblarga o‘qitiladi. E’tiborlisi, “Ishga marhamat” monomarkazlari tomonidan bitiruvchilarga beriladigan xalqaro sertifikatlar kasb-hunar ta’limi diplomi darajasiga tenglashtirilgan.
2024 yil yanvar-aprel oylari hokim yordamchilari va tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari, mas’ul tashkilotlar banklar bilan hamkorlikda 50 ming nafarga yaqin ishsiz aholi vakillarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga tayyorlash va malakasini oshirish uchun yubordi.
Shu kunga qadar ularning 11,5 ming nafari o‘qishni tamomladi. E’tiborlisi, kasb-hunarga o‘qitish uchun yuborilganlarning asosiy qismini xotin-qizlar va yoshlar tashkil etadi.
Joriy yilning o‘tgan davrida jami 2 ming nafar nogironligi bo‘lgan fuqarolar kasb-hunarga o‘qitish uchun jalb etilgan.
Aytish kerakki, “Ishga marhamat” monomarkazlarida har bir kurs uchun belgilangan o‘qitish muddatlari va soatlar hajmi tegishli soha mutaxassislari, ish beruvchilar, WorldSkills hamjamiyati standarti, mehnat bozoridagi talab, taklif va ehtiyojlarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.
Muhimi bunday markazlarda malaka egallagan fuqarolarimizga xalqaro tan olingan sertifikatlar berilib, davlatlararo tuzilgan shartnomalar asosida 86 mamlakatda egallagan kasbi bo‘yicha ishlash huquqini yaratib beradi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/0q3yDd5NbVk?si=hG4UvKd-Eii96CjX" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Asliddin Alijonov, Ulug‘bek To‘xtayev(video), O‘zA