French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zmilliybank” AJ: “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” aksiyasida faolmiz
20:13 / 2023-12-11

Gender tengligi. Aslida, bu mavzuda to‘xtalish sharqona qarashlar asosida voyaga yetgan chinakam ziyoli insonlar uchun adolat mezoni sifatida qaralsa, yana bir toifadagi kishilar uchun an’analarning buzilishi deganidir. Aynan ana shu ikkinchi nazariya xotin-qizlarning nafaqat oilada, shuningdek, jamiyatda ham o‘rnini topa olmasligi hamda kamsitilishiga sabab bo‘ladi. “Ayol erkakdan bir pog‘ona past turishi kerak”, degan fikr uning shaxs sifatidagi huquq va erkinliklari cheklanishiga, majburiyatlari esa ortishiga olib keladi. Xo‘sh, buning oqilona yechimi nimada?

BMT Bosh Assambleyasining 1999 yil 17 dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan 25 noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni sifatida belgilangan. 2014 yilda BMT Bosh kotibi xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonliklarni bartaraf etishga qaratilgan “UNiTE” nomli tashabbusini e’lon qildi. Shu kundan boshlab har yili dunyo miqyosida 25 noyabrdan 10 dekabr kuniga qadar “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” shiori ostida turli tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda.  

Mamlakatimizda esa so‘nggi yillarda aynan xotin-qizlarni zo‘ravonlik va tazyiqlardan himoya qilishning qonuniy asoslari vujudga keldi. Bu boradagi salbiy qarashlarga o‘ta murosasiz bo‘lgan va nozik jins vakillarini himoya qilishga qaratilgan huquqiy baza yaratildi. Xotin-qizlarning bilim olishi, kasb tanlashi, o‘zi tanlagan sohada faoliyat olib borishi, shuningdek, jamoat ishlarida ishtirok etishi, rahbarlik lavozimini egallashida erkaklarnikidan farq qilmagan huquqlarga ega ekanligi keng targ‘ib qilina boshlandi.  “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” shiori ostidagi tadbirlar ham aynan shu g‘oyani o‘zida aks ettirgani bilan dolzarblik kasb etmoqda.  

Ta’kidlash zarur, “O‘zmilliybank” AJ ham mazkur jarayonda faol ishtirok etdi va bankning barcha viloyat Bosh boshqarmalarida, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Buxoro, Samarqand, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Xorazm, Sirdaryo viloyatlarida “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz” shiori ostida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, jamoatchilik vakillari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’ullar, huquqshunos olimlar va din ishlari bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida ma’naviyat tadbirlari tashkil etildi.  

Davra suhbatlarida milliy qonunchiligimizdagi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning asoslari, shaxsning hayoti, sog‘lig‘i, qadr-qimmati va sha’nining hamma narsadan ustun ekanligini ifoda etadigan misollar keltirildi.  

–Ayol kishining oilada hurmat, e’tiborga sazovor bo‘lishi uning jamiyatda ham qadr topishiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, farzandlar tarbiyasida ham buning katta ta’siri bor, – deydi “O‘zmilliybank” ijro apparati loyiha menejeri Nilufar Qosimova. – Onaning o‘rni va mehrini his etgan bolalarning kelajakka ishonchi ham yuksak bo‘ladi. Maqsadlari va istaklari yo‘lida kurashuvchan hamda intiluvchanlik fazilatlari shakllanadi. Asosiysi, jamiyat rivoji va mamlakat taraqqiyotida ham buning ijobiy natijalarini ko‘rish mumkin. Shu bois biz bu singari tadbirlarda faol ishtirok etyapmiz va safimiz yanada kengayishi tarafdorimiz.  

Albatta, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, tazyiq va zo‘ravonlikka doir murosasizlik muhitini yaratish xotin-qizlarning mavqeyini mustahkamlash bilan birga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini ham oshiradi. “O‘zmilliybank” AJ esa bu borada har doim xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlaydi.  

“O‘zmilliybank” AJ  

Matbuot xizmati