O‘zbekistonda atlas va adrasga teng keladigan mato bo‘lmasa kerak. Kamalakning yetti rangini betakror naqshlarda ko‘z-ko‘z qilgan ushbu matodan tikilgan libos barcha xotin-qizlarga o‘zgacha chiroy, joziba hamda maftunkorlik bag‘ishlaydi. Qolaversa, milliyligimiz timsoli sifatida alohida ahamiyatga ega. Bejiz qadim urf-odatlarimiz, to‘y marosimlarimiz atlas va adrassiz o‘tmaydi. Shu bois diyorimizda bo‘lgan har bir xorijlik sayyoh ko‘zlarni yashnatib atlas kiygan suluv qizlarimizning, zebo kelinchaklarimizning egnidagi xushbichim andozali ko‘ylaklari hamda to‘nlariga havas hamda hayrat bilan qarashadi.
Xullas, zar ipaklardan tayyorlangan turfa bichimdagi atlasning rang-barang uslublari bugunga kelib zamonaviylik bilan uyg‘unlashgan holda yanada takomillashdi va festivallarimizning shoh asari sifatida namoyish etilmoqda.

Yurtimiz bo‘ylab “Xonatlas” festivali davom etayotgan shu kunlarda bahoriy kayfiyatga yanada jo‘shqinlik baxsh etish maqsadida “O‘zmilliybank” AJda faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlar ham faol ishtirok etdi. Milliy libos kiygan xodimlar mijozlarni iliq tabassum hamda xushmuomala bilan qarshi olib, bank xizmatlarini taqdim etdi. Albatta, bu kayfiyat va sharqona muhit yurtdoshlarimizni befarq qoldirmadi.

–To‘g‘risi, bangga kirib kelishim bilan bank xotin-qizlarining atlas ko‘ylaklarda mijozlarni kulib qarshi olayotganini ko‘rib kayfiyatim ko‘tarildi, – deydi Rahim Boynazarov. – Bular menga yoshligimni eslatdi. Bahor faslini chinakamiga shu yerda his etdim. Sababi bahor ham aslida xotin-qizlarning tabassumidan boshlanadi.

Bugun “O‘zmilliybank” AJ respublika bo‘ylab barcha hududiy bo‘limlarida ana shunday “Xonatlas” festivali davom etdi. Bu tadbirda bankning barcha xodimlari munosib ishtirok etdi va milliy qadriyatlarimizni davom ettirishda o‘z hissalarini qo‘shdi.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati