French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zmilliybank” AJ turizm rivojida tashabbuskor
17:57 / 2024-01-23

Bugun dunyo nigohida bo‘lib kelayotgan O‘zbekistonning qator sohalari singari turizm tarmog‘i ham rivojlanmoqda. Sababi ayon: mamlakatimizning boy tarixi va madaniyati har doim xorijlik sayyohlar e’tibor markazida bo‘lib kelgan. Ayniqsa, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlaridagi qadimiy binolar, sharqona arxitektura asosida barpo etilgan milliy inshootlar aksariyat turistlarning qiziqishi va tashrifiga sababdir.

Mutaxassislarning tahlillariga ko‘ra, Xorazm viloyati turistik ekskursiya resurslarining zichligi hamda ular tarkibidagi tarixiy-me’moriy ob’ektlar ko‘rsatkichi yuqoriligi bo‘yicha mamlakatimizda birinchi o‘rinda turadi. Xorazmda neolit davridan to XIX asrgacha bo‘lgan davrni qamrab olgan 254 ta madaniy meros yodgorligi bo‘lib, ularning 18 tasi arxeologiya, 132 tasi me’morchilik, 66 tasi haykaltaroshlik, 6 tasi diqqatga sazovor joylar va 32 tasi muqaddas qadamjolardir. Ularda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan mohir ustalar restavratsiya hamda ta’mirlash ishlarini olib bormoqda. Asosiysi, “O‘zmilliybank” AJ turizmni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida beminnat moliyaviy hamkor sifatida mazkur jarayonlarda faol ishtirok etib kelmoqda. 

Ma’lumot uchun, 2023 yilda bank tomonidan turizm sohasida amalga oshirilayotgan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida 170 ta tadbirkorlik sub’ektlariga jami 1 222 milliard so‘m miqdorida kredit ajratilgan. “Nurillaboy” tarixiy majmuasini 1894-1904 yillarda  Xiva xoni Muhammad Rahimxon II Feruz o‘g‘li Asfandiyorxon uchun qurdirgan bo‘lib, hozirda ushbu saroy o‘ziga xos me’moriy qiyofasi bilan turistlar diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Saroy qator katta-kichik xonalar, darvozaxona, saroy, qabulxona, arzxona, madrasa, xizmatchilar uchun turar joy, bog‘, gulzorli hovlilardan iborat. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 maydagi “Xorazm viloyatidagi Nurillaboy tarixiy majmuasini rekonstruksiya va restavratsiya qilish to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zmilliybank” AJ tomonidan rekonstruksiya va restavratsiya ishlari olib borildi va majmuaning tarixiy qiyofasi qayta tiklandi. 

“Nurullaboy” tarixiy majmuasining umumiy maydoni 4,8 gektarni tashkil qilib, bugungi kunda 1 ta fotogalereya, 1 ta zamonaviy tasviriy san’at ko‘rgazmasi, 1 ta xalq amaliy san’ati ko‘rgazmasi, 5 ta interer va ekspozitsiyalar tashkil qilingan. Ta’kidlash joiz, Xorazm xonlarining yozgi qarorgohi vazifasini bajargan ushbu saroy qayta ta’mirlangandan so‘ng, tabiiyki, tomosha qilishga keladigan sayyohlar oqimi ko‘paydi.

Ma’lumot uchun aytish kerak, “Nurullaboy” tarixiy majmuasiga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini oshirish maqsadida 2023 yilda 47 ta turistik tashkilotlar bilan shartnomalar imzolanib, Xiva shahridagi mehmonxonalarda tarixiy majmuani targ‘ib qiluvchi video rolik va qo‘llanmalar targ‘iboti yo‘lga qo‘yildi. 

Xalqaro tajribadan ma’lumki, sayyohlarga namunali xizmat ko‘rsatishda mehmonxona xo‘jaligi muhim o‘rin tutadi. Viloyatda turizmni rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturida ixcham mehmonxonalar va mehmon uylari tizimini rivojlantirish ko‘zda tutilgan. 2014 yilda viloyatda atigi 39 ta mehmonxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugunga kelib ularning soni 60 tadan oshdi.     160 nafar mehmonga xizmat ko‘rsatadigan “Farovon Xiva” mehmonxonasi ham bugun hududga tashrif buyuradigan sayyohlarning eng shinam va fayzli go‘shasiga aylandi. Sababi Yevropa standartlari asosida faoliyat olib boradigan mehmonxonada xizmatlar turi va sifatiga alohida e’tibor qaratilgan. Mehmonxona binosi 7 gektarlik  maydonda qad ko‘targan. Binoning tashqi va  ichki ko‘rinishi, xonalarining har bir mayda detaligacha xorijlik malakali mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan. Umumiy xonalarning soni 106 ta bo‘lib, ulardan 6 tasi davlat rahbarlari  va boshqa yuqori  martabali mehmonlarni kutish uchun mo‘ljallangan. Undan tashqari, mehmonxonada basseyn, fitnes zal, restoranlar va turli xil tadbirlarni o‘tkazish uchun 10 ta konferensiya zallari mavjud.     Shuningdek, mehmonxona ma’muriy ishlar, moliya, kadrlar, muhandislik, sotuv va marketing, mehmonlarni qabul qilish, xo‘jalik oziq-ovqat va xavfsizlik bo‘limlaridan iborat. Umumiy 168 nafar ishchi – xodimlar ish olib boradi. Xodimlarning deyarli barchasi o‘zbek, rus va xorij tillarida bemalol gaplasha oladi. 

Turizm tarmog‘ini rivojlantirishda nafaqat Xiva, shuningdek, Buxoro viloyatida ham imkoniyatlar yetarli. Sababi Buxoro azal-azaldan usta-hunarmandlar yurti bo‘lib savdo-sotiq taraqqiy etgan hududlardan biri sanalgan. Bugun bu an’ana buxoroliklar tomonidan yanada sayqallanib, ajdodlar merosi davom etib kelayotgani e’tiborga molik, albatta. Birgina zardo‘zlik hunari Buxoro hunarmandlarining brendiga aylanib, ayni damda mazkur yo‘nalish san’at darajasiga ko‘tarildi. Boisi bir necha uslublarni o‘zida aks ettirgan ushbu hunarni tadbirkorlikka aylantirib, undan daromad ko‘rayotgan yurtdoshlarimiz safi tobora kengaymoqda. 

Buxoro shahrida  faoliyat ko‘rsatib kelayotgan  “ZARDO'Z” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 782,5 million so‘m bo‘lgan zardo‘zlik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi uchun  “O‘zmilliybank” AJ Buxoro viloyati Bosh boshqarmasi tomonidan 500 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Zardo‘zlik mahsulotlari ishlab chiqarish sexini yo‘lga qo‘yish evaziga 5 ta yangi ish o‘rni yaratildi.  Bu yerda zarchapon, turli xildagi ayollar liboslari va xonadonlar uchun pardalar tikiladi. Korxona kelgusida katta maqsadlarni oldiga qo‘yib, faoliyatini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari ochishni ko‘zlamoqda.  

[gallery-15606]

–Bugungi texnologiyalar taraqqiy etib borayotgan davrda qo‘l mehnati yanada yengillashdi, – deydi zardo‘z Dilfuza Arabova.  — Yoshligimizda qo‘l mehnatidan foydalanib zardo‘zlikda ter to‘kkanmiz. Endilikda Xitoydan olib kelingan uskunalar yordamida ishlayapmiz. Bitta to‘n avvallari qo‘lda bir oyda tikilgan bo‘lsa, hozirda zamonaviy uskunalar orqali bir kunda 20 tagacha to‘n tikilmoqda. Tayyor mahsulotlarimiz respublikamizning barcha bozorlarida sotilmoqda.

Korxona faoliyatini boshlaganiga hali ko‘p bo‘lmadi. Quvonarlisi mahsulotlarini xorijga eksport qilishni boshladi. 

– Biz hozirda nafaqat texnologiyalar yordamida mahsulot yetishtiryapmiz, qolaversa, qo‘l mehnatini ham davom ettirish niyatimiz bor, – deydi D. Arabova. – Sababi turistlar har doim qo‘l mehnati bilan tikilgan mahsulotlarimizga yuqori baho bergan. Hozir shu bo‘yicha ham loyiha tayyorlab, sex tashkil qilmoqchimiz. Bu yerda sayyohlar ham tayyor mahsulotlarni xarid qiladi, ham qo‘l mehnati orqali tayyorlanayotgan mahsulotlarni ko‘radi. Bunda albatta, yana bank xizmatidan va kreditlaridan foydalanamiz.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zmilliybank” AJ turizm tarmog‘ini rivojlantirish va uni qo‘llab-quvvatlashda doimo tadbirkorlar bilan hamkorlikda ish olib boradi. Bu esa mamlakatimizning sayyohlik infrastrukturasi va iqtisodimiz barqarorligida o‘ziga xos ahamiyatga ega. 

Buxoro qishloq xo‘jaligida ham yetakchi hudud sanaladi. Birgina Romitan tumanida joylashgan “VARNET” bog‘i –viloyatning shu sohadagi katta salohiyatini namoyon qiladi. O‘zbekiston – Turkiya xorijiy korxonasi shaklidagi MCHJ tomonidan barpo etilgan zamonaviy issiqxona kompleksi sitrus mevalar yetishtirishga ixtisoslashgan. Bu yerga kelsangiz yashillik mo‘’jizasidan ko‘nglingiz yayraydi, tabiat qo‘ynida ovqatlanib, dam olish imkoniyatiga ham ega bo‘lasiz. Noan’anaviy ushbu dam olish maskanida nafaqat mazali taomlar iste’mol qilish, shuningdek, tabiat tarovatidan bahra olish mumkin.  

–Bank mijoziman, doimo shu bankning xizmatlaridan foydalanib kelaman, – deydi “VARNET” O‘zbekiston – Turkiya xorijiy korxonasining turkiyalik investori  Xurshid Enver. – Bizda yetishtiriladigan mahsulotlar shu yerning o‘zida sotiladi. Issiqxonamizda dunyoning hamma burchagida o‘sadigan 300 turdagi noyob gul va daraxtlar mavjud. Issiqxonada shuningdek, pomidor, bodring, qulupnay, banan, avakado, papaya kabi meva va sabzavotlar ham yetishtiriladi. Laboratoriyamiz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, botanika bog‘imizda xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yganmiz. Bu yerga 30 million dollarga yaqin investitsiya kiritilgan. Ayni kunda 40 gektar issiqxonada mahsulot yetishtirayotgan bo‘lsak, 2026 yilgacha yana 80 gektarga issiqxona qurishni rejalashtirganmiz.  

Aytish zarur, hozirda ushbu ekobog‘ hududiga keluvchi mahalliy va xorijlik sayyohlar kun sayin oshib bormoqda. Bu esa Buxoro nafaqat qadimiyligi bilan, shuningdek, zamonaviy va innovatsion loyihalari bilan ham turistlarga yangi sahifa bo‘lib eshik ochmoqda. 

Xulosa qiladigan bo‘lsak, bugun turizm tarmog‘i mamlakatimizda kundan-kunga yuksalib bormoqda. “O‘zmilliybank” AJ  esa bu borada hamisha moliyaviy hamkor sifatida ko‘makka tayyor. Maqsad hududlarning turistik jozibadorligini namoyon qilish orqali iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali aholi farovonligini ta’minlashdan iborat. 

“O‘zmilliybank” AJ

Matbuot xizmati