Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zmilliybank” AJ tashabbuskor tadbirkorlarni doimo qo‘llab -quvvatlaydi
15:10 / 2024-07-29

"O‘zmilliybank" matbuot xizmati Jizzax viloyatida OAV vakillari uchun press-tur o‘tkazdi. Ikki kun davom etgan tadbirda ishtirokchilar bank tomonidan moliyalashtirilgan loyihalar bilan tanishdi. 

Press-turning birinchi kunida  ishtirokchilar Zomin tumanida turizm yo‘nalishida amalga oshirilgan istiqbolli loyihalar va ularning samaralari bilan tanishtirildi. Ikkinchi kunda esa Jizzax shahridagi xizmatlar yo‘nalishida bank tomonidan moliyalashtirilgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati o‘rganildi.

Mamlakatimizda Prezidentimizning xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashga oid qarorlari ijrosi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, xizmatlar sohasining iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, joylarda xizmatlar sohasidagi mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, mavjud korxonalarning xorijiy tajribalar asosida sifatini oshirish, kredit va soliq imtiyozlarini joriy qilish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada “O‘zmilliybank” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ham tahsinga sazovor. 

Mazkur tarmoqni  rivojlantirish maqsadida bank tomonidan respublikamizda xizmatlar sohasini rivojlangan davlatlar andozasiga moslash, yangi xizmat turlarini joriy qilish, aholiga tayyor biznes loyihalarni taqdim etish hamda tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli islohotlar olib borilmoqda. 

Jizzax viloyatida o‘tgan uch yilda  “O‘zmilliybank” AJ tashabbusi bilan xizmatlar sohasida 4745 ta loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 1,9 trillion so‘m kredit ajratildi. Xizmatlar sohasida o‘tgan uch yilda 7156 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilib, korxona va tashkilotlar soni  20 mingtaga yetdi. Shuningdek, 30 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. 67,7 ming nafar fuqaro o‘zini-o‘zi band qildi. Xizmatlar hajmi 2 barobarga o‘sdi.  Aholi jon boshiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 2 barobarga o‘sib, natijada 3,5 million so‘mdan 7 million so‘mga yetdi. 

[gallery-18482]

Aytish joizki, ushbu erishilgan natijalar bilan birga, viloyatda mehmonxonalar soni 23 tadan 235 taga oshib, ularning qamrovi  847 tadan 3 652 taga yetdi.  Umumiy ovqatlanish, restoran va kafelar soni 1 011 tadan  2 204 taga oshib, ularda band aholi soni 3 842 tadan 14 588 taga ko‘paydi. Xususiy bog‘chalar soni 65 tadan 157 taga yetib, tarbiyalanuvchi bolalar soni 1 950 tadan 4 710 taga oshdi. Xususiy tibbiyot klinikalari soni 128 tadan 175 taga yetdi. 

Jizzax shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “ASIA SCHOOL” xususiy maktabining umumiy loyiha qiymati 3 milliard so‘mni tashkil etadi. Shundan 1,5 milliard so‘m mablag‘ bankdan kredit sifatida ajratilgan. Hozirda mazkur xususiy ta’lim muassasasida qariyb 500 nafarga yaqin o‘quvchiga ta’lim beriladi. Shundan 180 nafari maktabga tayyorlov guruhlari o‘quvchilaridir.

– Bugun shahrimizda 10 ga yaqin xususiy maktab faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi “ASIA SCHOOL” xususiy maktabining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari G‘ulomnazir Qo‘ziyev. – Shulardan biri bo‘lgan bizning o‘quv muassasamizda malakali pedagoglar belgilangan muhim mezonlar asosida sinovdan o‘tkazilib, ishga qabul qilinadi. Jamoamiz aksariyat xodimlari yosh o‘qituvchilardan iborat. 

Quvonarlisi, 5 yillik ish tajribasiga ega ushbu xususiy maktab mutasaddilari ayni paytda ikkita viloyatda ta’lim muassasasining filiallarini tashkil etdi. Maktablar asosan matematika va ingliz tiliga ixtisoslashgan bo‘lib, kun davomida o‘quvchining o‘zlashtirish darajasi baholanib boriladi.  Bu haqida kun davomida ota-onasiga xabarnoma yuboriladi.

Shu o‘rinda aytish joizki, davlatimiz rahbarining 2024 yil 9 yanvardagi qaroriga muvofiq Jizzax viloyatida joriy yilda xizmatlar sohasini rivojlantirish orqali 46 ming kishini ish bilan  ta’minlash belgilangan. Bu borada yangi yangi loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, “O‘zmilliybank” AJ  va tijorat banklari hamkorligida 2024 yil yakuniga qadar 694  milliard so‘m kredit mablag‘larini yo‘naltirish,  ijtimoiy soliq to‘lab, o‘zini o‘zi band qilganlar sonini 8,5 ming nafarga yetkazish,  “Biznesga birinchi qadam” dasturi orqali 42,5 milliard so‘m mikroqarzlar ajratish, milliybank tomonidan mikromoliyalash xizmatlari orqali aholini biznesga jalb qilish uchun 10 milliard so‘m kredit mablag‘larini yo‘naltirish,  2,2 mingta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, xizmatlar hajmini 12,4 trillion so‘mga va o‘sish sur’atini 118 foizga yetkazish hamda aholi jon boshiga xizmatlar hajmini 7 million so‘mdan 8,5 million so‘mga oshirish prognoz qilingan. 

Tahlillarni misollar asosida davom ettiradigan bo‘lsak, Jizzax shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “ZIYO NUR MED SHIFO” xususiy klinikasi ham bankning doimiy hamkoridir. Muassasani zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan ta’minlash maqsadida qariyb 3 milliard so‘mga yaqin mablag‘ kredit sifatida ajratilgan.

– Klinikamizda nafaqat diagnostika, shuningdek, murakkab jarrohlik amaliyotlari va zamonaviy tahlillar olib boriladi,  – deydi muassasa rahbari Nurilla Ortiqov.  – Uskunalar Koreya, Germaniya va Rossiya davlatlaridan olib kelingan. Qolaversa bemorlarning statsionar davolanishlari uchun ham sharoit yaratilgan.

Klinika 5 qavatdan iborat bo‘lib, unda ginekologiya, urologiya, travmotologiya, oftalmologiya, lor, nevrologiya  hamda plastik jarrohlik yo‘nalishlari bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Shuningdek, MSKT va MRT apparatlari orqali bemorlar ahvoli o‘rganilib, malakali tibbiyot xodimlari tomonidan aniq tashxis qo‘yilmoqda. 

Press-tur davomida jurnalistlar nafaqat tadbirkorlik sub’ektlarida, shuningdek, Jizzax Bank xizmatlari markazi faoliyatini ham o‘rganishdi. Jurnalistlar bank tomonidan moliyalashtirilgan loyihalarning amaldagi samarasi hamda yangi rejalarning ilk natijalari to‘g‘risida aniq ma’lumotga ega bo‘ldi. Binobarin, “O‘zmilliybank” AJ yangi istiqbolli loyihalar va tashabbuskor tadbirkorlarni doimo qo‘llab -quvvatlaydi.

“O‘zmilliybank” AJ

Matbuot xizmati