Hozirgi kunda yoshlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish va mehnatga oid qonuniy huquqlarini himoya qilish orqali ularning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda, ishlashga ehtiyoji bor talabalarga yordam berib, ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida Toshkent moliya instituti “Bank ishi va hisobot” fakultetida bitiruvchi talabalar uchun taqdimot o‘tkazildi.
Talabalarga “O‘zmilliybank” AJ O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib SAP HCM va SRM dasturlarni xorijiy konsultantlar yordamida tatbiq etilayotganligi va ushbu loyihalarga iqtisodiy va IT yunalishlari bitiruvchilarni tanlov asosida qabul qilinayotganligi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Bankda olib borilayotgan transformatsiya jarayonida yosh, iqtidorli va o‘z g‘oyalari bilan yangiliklar kiritmoqchi bo‘lgan mutaxassislarga talab kattaligi ta’kidlandi. Bo‘lajak kadrlar taqdimot bilan tanishish, eng muhimi, ish beruvchilarning vakillari bilan bevosita muloqot qilish va o‘zlari uchun barcha kerakli ma’lumotlarni olish imkoniga ega bo‘ldi.
Suhbat davomida bank mutaxassislari tomonidan nomzodlarga ishga qabul qilish tartib-qoidalari, ish haqi to‘lanadigan amaliyot o‘tash shartlari, bank tomonidan yaratib beriladigan imkoniyatlar haqida to‘liq ma’lumot berildi. Shuningdek, “O‘zmilliybank” AJ da ustoz-shogird an’anasi yo‘lga qo‘yilganligi va ishga qabul qilingan talabalarga malakali mutaxassis bo‘lib shakllanishi uchun zarur imkoniyatlar yaratib berilishi alohida qayd etildi. Bitiruvchi talabalar taqdimotga katta qiziqish bildirib ko‘plab savollar berdi.
Ta’kidlash kerakki, bu singari taqdimotlar oliy ta’lim va ishlab chiqarishning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash, talabalarning hozirgi vaqtda bank-moliya sohasida o‘tkazilayotgan loyihalar bilan tanishish imkonini beradi. Zero, mamlakatimizda “Yangi O‘zbekiston” ni barpo etishdek ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida asosiy tayanchimiz bo‘lgan yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
[gallery-7476]
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati