Yurtimizda sportni keng ommalashtirish, aholini sog‘lom turmush tarzi asosida yashashga undash, professional sportchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish choralari ko‘rilmoqda.
"O‘zmilliybank" aksiyadorlik jamiyati aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va sport rivojini targ‘ib etishdek ezgu maqsadlarni har taraflama rag‘batlantirib keladi.
7-12 iyun kunlari Olimpiya zaxiralari respublika tennis maktabi hududida ITF J2 o‘smirlar o‘rtasida xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Tennis Federatsiyasining bosh homiysi – "O‘zmilliybank" ko‘magida o‘tkazilgan turnirda Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya, AQSH, Fransiya, Turkmaniston, Slovakiya, Buyuk Britaniya, Belorusiya, Kanada, Latviya, Isroil, Koreya, Germaniya kabi mamlakatlardan yuzdan ortiq sportchilar ishtirok etdi.
Turnirga musobaqaning bosh hakami Sanjar Muidinov boshchiligidagi professional xalqaro hakamlar hamda O‘TF (O‘zbekiston Tennis Federatsiyasi) sport shifokori-fizioterapevti xizmat ko‘rsatdi.
Qur’a tashlash paytida barcha turnir o‘yinchilari xalqaro reytingdagi tasniflariga ko‘ra, turnir jadvaliga biriktirildi.
Yakkalik asosiy tur bahslarida O‘zbekiston sharafini 14 nafar sportchi himoya qildi, shulardan 10 nafari yigitlar, ulardan to‘rt nafari musobaqaning asosiy o‘yinlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi, 4 nafari esa qizlardir.
Asosiy turdagi juftlik o‘yinlarda 14 ta sportchi o‘yin ko‘rsatgan bo‘lsa, shulardan 5 tasi qizlar 9 nafari esa yigitlardan iborat bo‘ldi.
[gallery-2775]
– O‘zbekistonda O‘zbekiston Tennis Federatsiyasi tomonidan tennis bo‘yicha turnir bo‘lib o‘tdi, – deydi O‘zbekiston tennis federatsiyasining Bosh kotibi, Osiyo tennis federatsiyasining (OTF) vitse-prezidenti Iroda To‘laganova. – Bu turnirda 18 yoshgacha bo‘lganlar ishtirok etishi belgilandi.
Bu yoshlar turniri. Bunda ko‘plab mamlakatlardan talabgorlar bo‘ldi. Kuchlilar bahslashdi. Federatsiyaning bosh homiysi «O‘zmilliybank» AJ aynan shunday turnir o‘tkazilishida yaqindan ko‘makchi bo‘ldi. Bu rag‘bat, albatta. Mazkur turnirda ishtirok etganlar kelgusida yanada yirikroq turnirlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Juftlik bahslarida ikki kishi hamkorlikda ishlasa, yakka bahslarda mas’uliyat bitta o‘yinchining o‘zida bo‘ladi.
Ammo mana shunday haroratli ob-havoda kuch sinashayotgan xorijlik sportchilar orasida o‘zbekistonliklar ham borligi quvonarli. Bundan keyin ham Xalqaro musobaqalarda ishtirok etishdek rejalarimiz ulkan.
Turnir g‘oliblari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, qizlar o‘rtasida juftlik o‘yin g‘oliblari: Kanadalik sportchilar – Kayla Kross va Viktoriya Mboko g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, yigitlar o‘rtasida belaruslik Erik Arutiunian va rossiyalik Yaroslav Demin g‘olib bo‘ldi.
Yakkalik bahslari o‘ziga xos epchillik, chaqqonlik va barcha mas’uliyatni zimmasiga olishni talab etadigan o‘yin. Bu bahslar ham qizg‘in va murosasiz bo‘ldi. Shiddat bilan kechgan o‘yinda yigitlar o‘rtasida beloruslik Erik Arutiunian va qizlar o‘rtasida Viktoriya Mboko g‘oliblik shohsupasini egalladi.
«O‘zmilliybank» AJ bundan keyin ham sport va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi tadbirlarni faol tashkil etadi.
Barno Meliqulova, Muhammad Amin(surat), O‘zA