“Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablariga asosan joriy yilning aprel oyida “O‘zmilliybank”AJda monopoliyaga qarshi komplayens tizimi funksiyasini o‘z ichiga olgan “Komplayens tavakkalchiligi bloki” tashkil etilgan edi. Unga ko‘ra, bank tizimida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzilish xavflarini kamaytirish bo‘yicha 2024 yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” shuningdek, monopoliyaga qarshi komplayens tizimini tashkil etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish maqsadida Nizom ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi, Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlar markazi tomonidan monopoliyaga qarshi komplayens tizimida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning malaka hamda ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘quv kurslari va seminarlar o‘tkazib kelinmoqda.
– Bank tomonidan qabul qilingan, bugungi kunda yuridik kuchda bo‘lgan ichki me’yoriy hujjatlarni tahlil qilish, qabul qilinayotgan ichki me’yoriy hujjatlarni raqobat qonunchiligi buzilishi jihatidan o‘rganish, raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari buzilishini monitoring qilish, faoliyatga tegishli materiallarni tahlil qilish (shu jumladan, raqobatni va (yoki) iste’molchilarning huquq va manfaatlarini cheklaydigan normalarni aniqlashga qaratilgan ichki hujjatlarni xatlovdan o‘tkazish), aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan choralarni ishlab chiqish bo‘yicha olib borayotgan tadbirlarimiz samarasini bermoqda, – deydi Komplayens tavakkalchiligi bloki boshlig‘i Sadriddin Nurkulov. – Natijada bu borada bank xodimlarining nafaqat bilim, malakasi, shuningdek, hushyorligi ham tobora ortib borayotganini ko‘rish mumkin.
Bank xodimlarining raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini muntazam ravishda oshirish maqsadida “Monopoliyaga qarshi nazorat tizimini joriy etishning ahamiyati” hamda “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuniga kiritilgan o‘zgartirishlar” mavzularida o‘quv seminarlari tashkil etildi. Shuningdek, mazkur o‘quv seminarlar davomida xodimlarning natijalarini aniqlash maqsadida bank xodimlarini o‘qitish uchun mo‘ljallangan “Sapsf” elektron platformasida yakuniy test sinovlari ham o‘tkazildi. Bugungi kunda, monopoliyaga qarshi komplayens tizimi tashkil etish bo‘yicha Komplayens tavakkalchiligi bloki tomonidan hududiy bo‘linmalarda faoliyat yuritayotgan bank xodimlarini ham onlayn platforma orqali bu kabi o‘quv mashg‘ulotlariga jalb etish tadbirlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati