Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zmilliybank” AJ: Qashqadaryoda xizmatlar sohasi rivojlanmoqda
17:41 / 2023-12-26

Yaxshi biznes farovonlik asosi. Xizmatlar sohasining kundan kunga rivojlanib borayotgani ham hududlarda qulay biznes muhitini yaratishga zamin bo‘lmoqda. Asosiysi aholining ish bilan bandligi ta’minlanib, turmush darajasi yuksalmoqda. Buni Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlari misolida ham ko‘rish mumkin.

Viloyat iqtisodiy ko‘rsatkichlarida xizmatlar sohasining ulushi yuqori. Ma’lumot uchun, 2023 yilning o‘tgan 11 oyida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 17 588,9 milliard so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1 671,3 milliard so‘mga o‘sgan.  2023 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra, aholi jon boshiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 5 million so‘mni tashkil etgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davrga nisbatan 8 foizga o‘sgan. Xususan, viloyatda 41 mingdan ziyod korxona va tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Shundan, savdo va servis tarmog‘idagi korxonalar soni 26,2 mingtani tashkil etadi. 2023 yilda savdo va servis tarmog‘ida 5 mingta tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat boshlagan.

Tadbirkor Bekzod Abdullayev tashabbusi bilan Shahrisabz shahrida umumiy qiymati 2 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirilgan. Unga bank tomonidan 1,5 milliard so‘m kredit ajratildi. Natijada mazkur loyiha asosida zamonaviy attraksionlar bilan jihozlangan bolalar o‘yingohi, kinoteatr va umumiy ovqatlanish xizmati tashkil etildi. Hozirda ushbu maskanda 15 ga yaqin ishchi o‘rni yaratilgan. Ko‘ngilochar maskan har qanday mavsumda xizmat ko‘rsatishga tayyor. 

–Bu loyihani amalga oshirishda “O‘zmilliybank” AJning Shahrisabz BXM moliyaviy ko‘magidan foydalandim, – deydi tadbirkor Bekzod Abdullayev. – Kattalar, hatto keksalar uchun ham dam olish xiyobonlari, otalar choyxonasi bor edi, ammo hududda bolalar, ayniqsa, bog‘cha yoshidagi kichkintoylar uchun maxsus ko‘ngilochar maskan yo‘q edi. Shuning uchun ham aynan ushbu loyihani amalga oshirishga qaror qildim. Ammo bu hali hammasi emas. Kelgusida bu boradagi xizmatlar tarmog‘ini kengaytirish orqali yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirganmiz.

Ta’kidlash joiz, mazkur viloyatda transport xizmatini yo‘lga qo‘yish borasida ham samarali loyihalar amalga oshirildi. Xususan, “SHAROFIDDIN NURILLO” MCHJ tomonidan shahar aholisiga transport xizmatini yanada kengaytirish maqsadida umumiy qiymati 22 milliard so‘mlik loyiha uchun Qarshi BXM tomonidan 1,4 million AQSH dollari miqdorida moliyaviy ko‘mak berildi. Natijada Qarshi shahri aholisining jamoat transportidan foydalanish imkoniyati yanada qulaylashdi.  Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan metan-gazda yuradigan 30 dona yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan avtobuslarning yo‘nalishlar bo‘ylab qatnovi boshlandi. Eng asosiysi 30 nafar malakali haydovchilar ish bilan ta’minlandi.

–Faoliyatimiz transport xizmati ko‘rsatishdan iborat, – deydi  tadbirkor Sharofiddin Sharopov. – Mana yaqinda Prezidentimiz qarorlaridan so‘ng O‘zmilliybank bilan hamkorlikda jamoat transporti bo‘yicha xizmatimizni kengaytirishga muvaffaq bo‘ldik. Hozirda 110 ta yo‘lovchi tashish transportimiz mavjud. Yangi rejalarimiz oldinda. Yangi yil arafasida Xitoy davlatidan yana 30 ta ana shunday transport olib kelishga mo‘ljallangan loyihamizni bankka taqdim etdik. Maqsadimiz, jamoat transportini faqat shahar markazlarida emas, viloyatning boshqa hududlarida ham qatnovini oshirish, geografiyasini kengaytirishdan iborat. 

[gallery-15218]

Xabaringiz bor mehmonxona xizmati bugun respublikamizning barcha hududlarida talab ortib borayotgan servis tarmog‘i sanaladi. Turizm, savdo-sotiq, ishlab chiqarish va qator iqtisodiy, ijtimoiy sohalarning rivojlanishi natijasida viloyatga turistlar, investorlar va iqtisodiy hamkorlarning tashrifi sezilarli oshmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan mehmonxona xizmatiga bo‘lgan ehtiyojni ortishiga  muhim omil bo‘lmoqda.

Tadbirkor Dilorom Ostonova tomonidan 51 xonadan iborat, 110 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona qurilishi loyihasi 8 milliard so‘mdan iborat bo‘lib, shundan 4 milliard so‘mlik mablag‘ bankdan kredit sifatida ajratildi. Natijada 20 ta ish o‘rni yaratilishiga erishildi. 

– Mehmonxonamiz besh qavatli bo‘lib, Qarshi shahriga tashrif buyurgan mehmonlarimizga 24 soat  xizmat ko‘rsatishga tayyor. Binomiz maxsus dizayn asosida zamonaviy uslubda bezatildi va jihozlandi. Shuningdek, mehmonlarga xizmat ko‘rsatishda xodimlar malakasiga ham alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Maqsadimiz mehmonxona xizmati tarmog‘ini kengaytirish orqali restoran xizmatini ham yo‘lga qo‘yish.

Ma’lumot uchun, joriy yilda tijorat banklari tomonidan  viloyatdagi servis va xizmat sohasida faoliyat olib boruvchi 2 795 ta tadbirkorlik sub’ektlariga jami 1 263,7 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratilgan.

O‘zmilliybank tomonidan, 52 ta xizmat ko‘rsatish loyihalari uchun 44,3 milliard so‘m kreditlar ajratildi, jumladan:

  • savdo xizmatlariga 11,7 milliard so‘m;
  • sog‘liqni saqlash va tibbiyot xizmatlariga 1,3 milliard so‘m;
  • sport va ko‘ngilochar maskanlarga 2,7 milliard so‘m;
  • IT, aloqa va axborotlashtirish xizmatlariga 3,8 milliard so‘m;
  • transport bilan bog‘liq xizmatlarga 19,9 milliard so‘m;
  • ta’lim xizmatlariga 0,3 milliard so‘m;
  • ijara xizmatlari (mehmonxona, tijorat binolari, "RENT CAR" va boshqa ijara xizmati)ga 3,1 milliard so‘m;
  • boshqa xizmatlarga 1,5 milliard so‘mlik mablag‘lar.

Xullas, muxtasar qilib aytganda, bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida servis tarmog‘ini rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlar eng qizg‘in pallada. “O‘zmilliybank” AJ esa bu borada tashabbuskor va ilg‘or tadbirkorlar bilan hamkorlikka doimo tayyor.

“O‘zmilliybank” AJ

Matbuot xizmati