Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zmilliybank” AJ: muqobil energiya iqtisodiy barqarorlik kafolati
13:28 / 2023-11-03

So‘nggi yillarda energetika butun dunyoda dolzarb masalaga aylanmoqda. Shu bois aksariyat davlatlar uning muqobil yo‘llarini izlamoqda. Bugun jahonda “yashil energetika” ulushi qariyb 30 foizga yetgan, ayrim Yevropa davlatlarida undan foydalanish 80-90 foizdan oshganligini kuzatish mumkin.

Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy jihatdan eng  samarador hisoblangan yo‘l bu shubhasiz,  quyosh energiyasidir. Ta’kidlash zarur, shu kungacha elektr energiya ishlab chiqarishda ekologik xavf va xatarlar jiddiy e’tiborga olinmagan va miqdor jihatidan ham baholanmagan. Bugun ekologik muammolar yechimi dolzarb bo‘lib turganda bu jarayon ham muhim ahamiyat kasb etadi. 

Quyosh energiyasi ekologik jihatdan xavfsiz, nisbatan arzonligi bilan iste’molga kirdi. O‘zbekistonda ham so‘nggi uch yilda energetika sohasiga 8 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilindi. Xususan, Navoiy va Samarqand viloyatlarida quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi. Bu orqali xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi 50 foizga ko‘paydi. Asosiysi, so‘nggi texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etishda xalqaro tajriba keng qo‘llanilmoqda. Masalan, rivojlangan xorijiy davlatlarda binolarni isitishda asosan  quyosh energiyasidan foydalaniladi. Statistika bo‘yicha, butun jahonda  energiyaga bo‘lgan ehtiyoj yangi hosil bo‘luvchi quvvat manbalarining 4-avlodidan foydalanishga turtki bo‘lmoqda. 

Albatta, bu jarayonlar moliyaviy manbalarsiz amalga oshmaydi. Shu bois “O‘zmilliybank” AJ tomonidan mijozlarga quyosh panellari sotib olish uchun qulay va jozibali bo‘lgan imtiyozli shartlarda (Light Green va Green standart) kredit ajratish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kungacha “O‘zmilliybank” AJ tomonidan quyosh panellari va geliokollektorlar sotib olish uchun umumiy qiymati 47,8 milliard so‘m bo‘lgan 1 087 ta kreditlar ajratildi. Jumladan:

  • 928 ta jismoniy shaxsga 22,8 milliard so‘m iste’mol krediti ajratilishi hisobiga 2,10 MVt quvvatga teng bo‘lgan quyosh panellari;
  • 36 ta jismoniy shaxslarga 0,2 milliard so‘m iste’mol krediti ajratilishi hisobiga 6,8 ming litr hajmlik geliokollektorlar;
  • 123 ta tadbirkorga 24,9 milliard so‘m kredit ajratish natijasida 2,94 MVt quvvatga teng quyosh panellari o‘rnatildi.

Kredit mablag‘lari markaziy bank tomonidan taqdim etiladigan imtiyozli resurslar hisobidan ajratilmoqda.        Joriy yil yakuniga qadar quyosh panellari va geliokollektorlar sotib olish loyihalarini moliyalashtirishga “O‘zmilliybank” AJ tomonidan qo‘shimcha ravishda 27,1 milliard so‘m kredit ajratish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar amalga oshirilishi hisobiga qo‘shimcha ravishda 11,3 MVt quvvatga teng qayta tiklanuvchi energiya manbalari yaratiladi. 

Mutaxassislarning fikricha, dunyo davlatlari tabiat resurslaridan foydalanishda yangi muvaffaqiyatlarga  erishmoqda. Sababi bu sanoatning rivojlanishi xalqaro jamoatchilik uchun nihoyatda foydali. 

Birinchidan, energiya olish uchun tabiat imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘lsa, ikkinchidan, olinayotgan mahsulot ekologik toza, uchinchidan nisbatan arzon va atrof-muhitga mutlaqo zararsiz. Lo‘nda qilib aytganda, quyosh nurlaridan olinayotgan energiya insoniyat uchun  ijobiy natijadir. Yana bir muhim tomoni quyosh o‘rnatish moslamalari juda oddiy. Ular yengil o‘rnatiladi va ta’mirlanadi. Foto tashkil qiluvchilari ko‘p joy egallamaydi. Ular binolarning tom qismiga o‘rnatiladi. Bundan tashqari, ular havo ochiq bo‘lmagan holda ham energiya olish qobiliyatiga ega.

Masalan, bir tonna ko‘mir  olish uchun katta xarajat talab etiladi. Qolaversa, vaqt, odamlar mehnati va maxsus dastgohlar kerak bo‘ladi. Quyosh panellarini esa faqat  bir marta o‘rnatish talab qilinadi va odamlar yordamisiz  uzluksiz energiya olish mumkin. Bu esa turar-joy va xonadonlarni isitish hamda muntazam elektr ta’minotidan ko‘p kuch yo‘qotishga hamda pul sarflashga hojat qoldirmaydi. 

“O‘zmilliybank” AJ bu borada respublikamiz aholisi va tadbirkorlar uchun kredit taqdim etmoqda. Birgina Toshkent shahrida ayni paytgacha bank mijozlari bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan umumiy qiymati 10,4 milliard so‘m (shundan bank krediti 6,1 mlrd so‘m) bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi. Natijada 2 980 kVt qo‘shimcha quvvatlarga ega bo‘lgan loyihalar amalga oshirildi. Xususan, Shayhontohur tumanida elektr va montaj ishlari  bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan “Capital Trade” MCHJ tomonidan 300 kVt quvvatga ega bo‘lgan  jami 3 milliard 600 million so‘mlik loyiha amalga oshirildi. Mazkur mablag‘ning 3 milliard so‘mi bank krediti hisoblanadi. 

Shuningdek, yengil avtomobillarga servis xizmati ko‘rsatayotgan "Gradient" MCHJ tomonidan o‘z mablag‘i evaziga 343 kVt quvvatga ega bo‘lgan 3 300 million so‘mlik muqobil energiya manbalari o‘rnatildi. Misollarni uzoq davom ettirish mumkin. Sababi bugun muqobil energiya manbalaridan unumli foydalanish istagida bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslardan iborat bank mijozlari safi kundan-kunga ko‘paymoqda. 

“O‘zmilliybank” AJ nafaqat yashil texnologiyalarni joriy etish loyihalarini moliyalashtirish, balki bankning hududiy boshqarmalari va bank xizmatlari markazlari binolarini quyosh panellari bilan jihozlashga ham alohida e’tibor qaratmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida Toshkent shahridagi 13 ta BXMga 187 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda BXM binolariga jami 
690 kVt ga teng bo‘lgan quyosh panellari hamda 1 ta qiymati 9,5 million so‘mlik quyosh suv isitish qurilmasi o‘rnatilgan.

“O‘zmilliybank” tomonidan 2022 yilda bankning 13 ta filialiga jami 1.4 milliard so‘mlik 130 kVt quvvatli, 2023 yilning o‘tgan davrida bankning 63 ta filialiga jami 134 milliard so‘mlik 1428 kVt quvvatli quyosh fotoelektrik stansiyalari o‘rnatildi.  2023 yilning yakuniga qadar bankning 40 ta filialiga jami 6.9 milliard so‘mlik 690 kVt quvvatli quyosh fotoelektrik stansiyalari o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, bank tomonidan 2023 yilda bankning 47 ta filialiga jami 887.9 million so‘mlik 810 dona quyosh energiyasi asosida ishlaydigan tashqi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. 2023 yilning yakuniga qadar bankning 12 ta filialiga jami 335 million so‘mlik 268 dona tashqi yoritish chiroqlari o‘rnatilishi rejalashtirilgan. 

Xulosa qilib aytganda, bugun muqobil energiya manbalaridan to‘laqonli foydalanish va bu bo‘yicha aholi hamda tadbirkorlarga keng sharoit yaratishda “O‘zmilliybank” AJ doimo hamkorlikka tayyor. Maqsad esa bitta – davlat siyosatini amalga oshirish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda munosib hissa qo‘shish hisoblanadi.

“O‘zmilliybank” AJ

Matbuot xizmati