Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zmilliybank” AJ: muqobil energiya foydalanuvchisi va targ‘ibotchisi
18:38 / 2023-02-28

Yurtimiz bo‘ylab qayta tiklanuvchi muqobil energiyadan foydalanishni ommalashtirish borasidagi islohotlar izchil davom etmoqda. Har tomonlama manfaatli bo‘lgan ushbu energiya tizimdan foydalanishni yanada kengaytirish mamlakat iqtisodiga ham, aholi farovonligiga ham birdek ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, bugungi kunda davlat tashkilotlari, muassasalar, korxonalar birinchilardan bo‘lib ushbu tizimni joriy etmoqda.

Jumladan, Tashqi iqtisodiy faoliyat “O‘zmilliybank” Samarqand viloyat bo‘limi va uning filiallari binolarida quyosh panellari o‘rnatilib, kunlik elektr energiya iste’molining bir qismi muqobil energiya manbalari hisobidan qoplanmoqda.  

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda qayta tiklanuvchi muqobil energiyadan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi tashqi iqtisodiy faoliyat “O‘zmilliybank” Samarqand viloyat bo‘limi boshqaruvchisi birinchi o‘rinbosari Ozod Abbosov. – Yurtimizda yilning asosiy qismi quyoshli bo‘lganligi bois, bizda quyosh panellaridan foydalanish ommalashib bormoqda. bugungi kunda barcha tashkilotlarda ushbu tizimdan keng foydalanilayotganligini inobatga olib, biz ham bo‘limimiz hamda Jomboy, Urgut, Pastdarg‘om va Registon filiallarimizning har biriga 5 kVt.li quyosh panellari o‘rnatdik. Hozirda kunlik energiya iste’molining o‘n foizdan ortig‘i quyosh panellaridan olingan elektr energiyasiga to‘g‘ri kelmoqda.  

Qish faslida elektr energiyasiga bo‘lgan talabning oshishi natijasida joylarda ta’minotning cheklanishi, avariya holatlarining ko‘payishi kuzatildi. Albatta, bu holat bank xizmatlari ko‘rsatishda qator noqulayliklarni keltirib chiqardi. Ayniqsa, chekka hududlarda mijozlarni ham, bank xodimlarini ham qiynadi. Shu bois, TIF “O‘zmilliybank” Urgut filialiga ham 5 kilovatt-soatlik quyosh panellari o‘rnatilib, bugungi kunda ushbu tizimdan samarali foydalanilmoqda.  

[gallery-10744]

– Ayni paytda 1550 ta yuridik shaxsga, 600 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektiga hamda 25 ming nafar omonatchiga xizmat ko‘rsatyapmiz, – deydi TIF “O‘zmilliybank” Urgut filiali bo‘lim boshlig‘i Elbek Fayziyev. – Filialimiz doim mijozlar bilan to‘la. Agar elektr ta’minotida uzilish bo‘lsa, qancha odam sarson bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas. Binoda oylik elektr energiya sarfi 3500 kilovatt-soatni tashkil qiladi. Quyosh panellari o‘rnatilgach 1000-1200 kilovatt-soati muqobil energiya manbaidan olinmoqda.

TIF “O‘zmilliybank” Jomboy filialida ham bugungi kunda 5 kilovatt-soat energiya ishlab chiqaruvchi quyosh panellaridan foydalanilmoqda. Bu filialning oylik 6200 kilovatt-soat elektr energiya sarfining 1200 kilovatt-soatini muqobil energiya bilan qoplash imkonini bermoqda. Filialda muqobil energiyadan foydalanishni amaliy natijasini ko‘rgan mijozlarda ham undan foydalanish istagi tug‘ilmoqda.  

– Ko‘pdan beri ushbu bank xizmatlaridan foydalanaman, – deydi tadbirkor Jo‘rabek Ahmedov. – Elektr energiya ta’minotidagi uzilishlar sabab bank xizmatlaridan vaqtida foydalana olmagan paytlarimiz ham bo‘lgan. Quyosh panellari o‘rnatilgach, elektr ta’minotida barqarorlikka erishildi. Bank xizmatlari o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilmoqda. Muqobil energiyadan foydalanishning samaradorligini bankimiz misolida ko‘rib ishonch hosil qilgan holda o‘z faoliyatimizga uni joriy etish fikri tug‘ilmoqda. Buning bir qator imtiyozlari ham borligi bizga ma’qul tushmoqda. TIF “O‘zmilliybank” Samarqand viloyat bo‘limi rahbariyatining ma’lum qilishicha, yaqin kunlarda viloyat bo‘limida quyosh panellari 30 kilovatt-soat, filiallardagi esa 10 kilovatt-soat energiya ishlab chiqarish quvvatiga yetkaziladi.  

G‘olib HASANOV, Alisher ISROILOV (surat), O‘zA