Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zmilliybank” AJ: maqsad yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholi turmush darajasini yanada oshirish
19:49 / 2023-09-14

Mamlakatimizda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish, hududlarda ishbilarmonlik muhitini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu o‘z navbatida shahar va qishloqlarning infrastrukturasini tubdan o‘zgartirish hamda iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga xizmat qilayotir.

Mazkur yo‘nalishdagi islohotlar samaradorligini oshirishda banklarning faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ular  bugun tadbirkorning eng ishonchli hamkoriga aylangan. Buni “O‘zmilliybank” AJ tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan istiqbolli loyihalar samarasi, bank moliyaviy ko‘magida ishlab chiqarish, sanoat va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida ishlayotgan tadbirkorlar faoliyati misolida ko‘rish mumkin.  

“O‘zmilliybank” AJ matbuot xizmati tashabbusi bilan OAV vakillari uchun Xorazm viloyatiga tashkil etilgan press-tur ham xuddi shu masalalarga bag‘ishlandi. Tadbir ishtirokchilari joriy yilning 14-15 sentyabr kunlari “O‘zmilliybank” AJning Xorazm viloyati Bosh boshqarmasi moliyaviy ko‘magidan foydalanib kelayotgan tadbirkorlik ob’ektlari  faoliyati bilan tanishadi.  

Tadbirning birinchi kuni  "Marhabo Medical Centry" MCHJ ga qarashli tibbiy klinika bilan tanishishdan boshlandi.  Mazkur klinika va  “O‘zmilliybank” AJ o‘rtasida doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Loyihaning umumiy qiymati 4 milliard 120 million so‘mni tashkil etadi. Shundan bank tomonidan ajratilgan 3.2 milliard so‘m miqdoridagi kredit mablag‘i evaziga tibbiy asbob-uskunalar, maishiy texnika va mebel jihozlari sotib olingan. Klinikada 15 ta ishchi o‘rni yaratilgan bo‘lib, urologiya, xirurgiya, ginekologiya kabi yo‘nalishlarda tashhislash va davolash yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, tibbiy markazda UZI va zamonaviy talablarga mos laboratoriya hamda statsionar davolanish uchun 10 o‘rin mavjud.  

Jurnalistlar mazkur tibbiyot markazida bemorlar uchun yaratilgan sharoit va qulayliklarga guvoh bo‘lib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tadbirkordan javob oldi. Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari Xazorasp erkin iqtisodiy zonasida joylashgan "New Best Style" MCHJ ga qarashli gul qog‘oz ishlab chiqarish zavodi faoliyati bilan tanishdilar. Korxona faoliyatini 2019 yilda boshlagan bo‘lib bugungi kunda 3 turdagi gul qog‘oz ishlab chiqarilmoqda. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 66 milliard 765 million so‘mni tashkil etadi. “O‘zmilliybank” AJ tomonidan 37 milliard 72 million so‘m kredit ajratilgan.  Ayni paytda  korxonada 210 nafar fuqaro ishlamoqda. Korxona tomonidan 2023 yil eksport hajmini 6 million  AQSH dollaridan oshirish rejalashtirilgan. Shu paytga qadar 3,8 million AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilingan. Jamiyatning yillik ishlab chiqarish quvvati 1,2 million dona gul qog‘oz ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.  

Xizmat ko‘rsatish tarmog‘i bo‘yicha faoliyat olib borayotgan “Zarif Nurulla” oilaviy korxonasi press-tur ishtirokchilarining keyingi manzili bo‘ldi. 2013 yil tashkil topgan mazkur korxona bankning ishonchli mijozlaridan hisoblanib, birinchi kredit mablag‘i 2015 yilda ajratilgan. Korxona kredit mablag‘idan maqsadli foydalangan. Shundan so‘ng faoliyat va xizmat sohasini rivojlantirish maqsadida korxonaga 800 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi va hozirda ushbu mablag‘lar hisobidan tadbirkor avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, dorixona, mebel ishlab chiqarish sexi, savdo-sotiq bo‘yicha xizmatlarni yo‘lga qo‘ygan. Korxona kelgusida katta maqsadlarni oldiga qo‘yib, faoliyatini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida zamonaviy mehmonxona qurishni rejalashtirgan.  

Press-tur davomida Xorazm viloyati Bosh boshqarmasining Xazorasp BXM faoliyati bilan ham tanishildi. “O‘zmilliybank” AJ Xorazm viloyati Xazorasp bank xizmatlari markazi 1997 yil sentyabrda 16 nafar ishchi xodimlar bilan faoliyatini boshlagan bo‘lsa, hozirga kelib 34 nafar professional mutaxassislar bank mijozlariga sifatli xizmat ko‘rsatmoqda. Mazkur markaz tomonidan ajratilgan kreditlar hisobidan Xazorasp erkin iqtisodiy zonasi hududlarida yirik ishlab chiqarish korxonalari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish markazlari, umumiy ovqatlanish maskanlari tashkil etilgan. “Yangi O‘zbekiston” massivida zamonaviy ko‘p qavatli turar joy binolari barpo qilindi.  

[gallery-13593]

2023 yilda tarmoqlar bo‘yicha tahlil qilinganda  sanoat sohasida 42,2 milliard so‘mlik 5 ta loyiha,  qishloq xo‘jaligida  21,2 milliard so‘mlik 24 ta loyiha, qurilish yo‘nalishida 7,8 milliard so‘mlik 5 ta loyiha, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida 49,2 milliard so‘mlik 45 ta loyihalar amalga oshirilgan. Ushbu tadbirkorlik sub’ektlariga kredit mablag‘lari ajratilishi natijasida 2 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Markazda jami 44,7 mingta mijozga xizmat ko‘rsatiladi. Shundan 43,3 mingtasi jismoniy shaxslar va 1,4 mingtasi yuridik shaxslar hisoblanadi. Jismoniy shaxslarning jami depozit qo‘yilmalari 38,7 milliard so‘mni tashkil etadi. To‘lov plastik kartochkalaridan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida joylarda 4 ta bankomat, 1 ta infokioska, 621 ta savdo terminallari dislokatsiya qilingan. Bundan tashqari, aholiga valyuta amaliyotlarida qulayliklar yaratish maqsadida 24/7 rejimda xizmat ko‘rsatuvchi shoxobcha hudud aholisiga xizmat ko‘rsatmoqda.  

Hozirda BXMda zamonaviy innovatsion bank xizmatlari ko‘rsatilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mijozlarining 84 foizi masofadan boshqariladigan bank xizmatlaridan foydalanayotir. Bunda hisobraqamlarda bank aylanmalarini amalga oshirish, onlayn kredit rasmiylashtirish yoki kredit qarzdorligini qoplash, xalqaro va milliy plastik kartochkalarda har qanday bank amaliyotlari hamda to‘lovlarni amalga oshirish, omonat rasmiylashtirish, xorijiy valyutalarda konversion amaliyotlar, pul o‘tkazmalari kabi bank xizmatlaridan foydalanish mumkin.  

Xabaringiz bor, “O‘zmilliybank” AJ xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashda ishbilarmonlar uchun asosiy moliyaviy hamkor bo‘lib kelmoqda. Bugungi kunda Hazorasp tumanida xizmatlar yo‘nalishi bo‘yicha 479 tadan ziyod korxona faoliyat olib bormoqda. Viloyat bo‘yicha tahlillarga e’tibor qaratsak, servis tarmog‘ida 14,3 mingdan ortiq korxona va tashkilotlar, shundan, 13,6 mingga yaqin kichik tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan Shuningdek, 2023 yilning o‘tgan davrida viloyatda 2 776 ta yangi xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini ishga tushirish uchun 675 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan. Bugun viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlardan tashqari, yana 3 mingdan ziyod xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etish imkoniyati mavjud.  

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, xizmatlar sohasida 2023 yil yakuni bilan viloyatda 13 trillion so‘m xizmat ko‘rsatish hajmiga erishish,  3,5 mingta yangi xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini ishga tushirish, 1 215 ta ko‘chma savdoni tashkil etish va 1 153 ta xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish uchun yerlarni auksion savdoga chiqarish,  72 mingta yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmini 6,6 million so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.  

Press-tur davomida jurnalistlar Hazorasp BXM faoliyati yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha mutasaddilardan kerakli ma’lumotlarni oldi va bankning umumiy faoliyati haqida yetarlicha tasavvurga ega bo‘ldi.    

Bir so‘z bilan aytganda, “O‘zmilliybank” AJ Xorazm viloyatida tomonidan boshqa sohalar kabi tadbirkorlar qatlami ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.  Maqsad esa yagona – yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali aholi daromadlarini oshirish hamda xalqimizning turmush darajasini oshirishda faol ishtirok etishdan iborat. “O‘zmilliybank” AJ matbuot xizmati tomonidan tashkil etilgan press-turning ikkinchi ya’ni 15 sentyabr kuni OAV lari xodimlari bankning turizmni qo‘llab-quvvatlash borasida moliyalashtirgan loyihalari bilan tanishadi.  

Ahmadjon Shokirov, O‘zA