Yosh rassomlar va hunarmandlarni birlashtirgan san’at uyi — “Art mix master” da rassomlar asarlaridan tortib, ramkalargacha, umuman hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.
Jihozlari yangi va narxlari hamyombop bo‘lganligi uchun ushbu markaz bugun o‘z mijozlarini topib ulgurgan. Hozir bu yerda o‘z ishining ustasi bo‘lgan 6 nafar xodim ish bilan ta’minlangan.
Toshkent shahri Yashnobod tumanida xizmat ko‘rsatish sohasining yuksalishi shu yerda yashovchi aholiga manzur bo‘lmoqda.
– Men bir paytlar rasmlar uchun ramkalarni topishga qiynalib, ko‘p ustaxonalarga borganman, o‘zim xohlagan ko‘rinishdagisini topolmaganman, – deydi tadbirkor Sohibjon Razzoqov. – Shuning uchun o‘zim tashabbus qilib, rasmlar uchun ramkalar tashkil qilishga qaror qildim. Dastlab Xitoydan turli ramkalar olib kelishni yo‘lga qo‘ydim. Pandemiya tufayli yo‘l bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganidan keyin o‘zimiz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Hozir 30-40 foiz mahsulotlarni o‘zimiz ishlab chiqarayapmiz.
“O‘zmilliybank” tomonidan berilgan imtiyozli kredit evaziga uskunalar sotib oldik. Natijada qo‘l mehnatini qisqartirib, 50 foiz mahsulotni uskunalar orqali ishlab chiqarishga erishdik. Qo‘l mehnati kamayishi hisobiga mahsulotlarning tannarxi ham pasaydi. Ijodkorlar uchun dastgohlar ishlab chiqarilmoqda. Ushbu loyiha qiymati 230 million so‘m bo‘lsa, bankdan 2021 yil avgust oyida 150 million so‘m kredit oldik. Hozir ko‘rgazma zali va bolalar uchun maktab tashkil qilishni rejalashtirayapmiz.
Darhaqiqat, chakana savdo va ishlab chiqarish xizmatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor bank ko‘magi bilan faoliyatini yanada kengaytirib bormoqda. Bu kabi xizmat ko‘rsatish tarmoqlarining rivojlanishi esa minglab tadbirkorlik nuqtalari va yangi ish o‘rinlarining tashkil etilishiga xizmat qiladi. Qolaversa, tadbirkorlarning daromadi ortadi, aholining bandligi ta’minlanadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
“O‘zmilliybank” AJ Matbuot xizmati ko‘magida