Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zmilliybank” AJ ko‘magida ishlayotgan korxonada 800 nafardan ziyod kishi ishli bo‘ldi
19:01 / 2021-07-24

Buxorodagi "SHOFIRKON EKVATORIAL TEKS" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan jinsi shim mahsulotlari yuqori sifati, zamonaviy dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

“O‘zmilliybank” AJ tomonidan ajratilgan kredit mablag‘i korxonada ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulot sifatini yanada yaxshilashga xizmat qildi.

– Korxonamizda asosan tayyor kiyim-kechak mahsulotlari ishlab chiqariladi, – deydi korxona xodimi Rizqiddin Sharipov. – Bu yerda 4,9 million AQSH dollarilik loyiha amalga oshirilmoqda. “O‘zmilliybank” AJ tomonidan korxonamizga ajratilgan 3 million AQSH dollari miqdoridagi kredit faoliyatimizni yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi. O‘z hisobimizdan 1,9 million AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritildi. Natijada 854 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Yiliga 15,6 million AQSH dollarilik jinsi shim ishlab chiqarayapmiz. Kredit hisobiga xorijdan keltirilgan uskunalar mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, sifatini yanada yaxshilash imkonini berdi. Mahsulotlarimizni asosan respublikamiz bozorlarida sotayapmiz. Dunyo bozoriga chiqishni rejalashtirganmiz. Ayni kunda rossiyalik hakorlar bilan 300 ming dona jinsi shim yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Qo‘shni mamlakatlar bilan eksport shartnomalarini imzolash bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

“O‘zmilliybank” AJ ko‘magida samarali faoliyat yuritayotgan korxonada ko‘plab ishsiz fuqarolar muqim ish o‘rniga ega bo‘ldi. G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent tumanlardagi “Temir”, “Ayollar”, “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan aholi vakillari ishlayotgan korxonada ishchi-xodimlarning samarali mehnat qilishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Ularning ishga kelib-ketishi uchun avtobus yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, kiyim-kechak, oziq-ovqat bilan ta’minlangan. Ishchi xodimlar zamonaviy korxonada ishlayotganidan juda mamnun.

– Hunarmandchilik bilan shug‘ullanar edim, – deydi G‘ijduvon tumani Firishkent mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Shuhrat Olimov. –Uyda eshik-romlar yasardim. Rossiya davlatiga ham qatnardim. Afsuski, og‘ir kasal bo‘lib qoldim. Shifokorlarning tavsiyasi asosida og‘ir mehnat qilish mumkin emas. Lekin oilam, 2 nafar farzandimni boqishim kerak edi. Mana shu korxona haqida eshitib qoldim. Korxonada mehnat qilishni boshladim. Ayni kunda korxonada sex ustasi bo‘lib ishlayapman. Qo‘l ostimda asosan yoshlar mehnat qiladi. Ishimdan mamnunman. 1 million 450 ming so‘m ish haqi olaman. Ayolim Manzura Bozorova ham shu korxonada tikuvchi bo‘lib ishlaydi. Ishga avtobus olib borib uyimizgacha keltirib qo‘yadi. Issiq ovqat, kiyim-kechak beriladi. Oyliklarimiz o‘z vaqtida naqd berilmoqda. 

 [gallery-3184]

– Bir nafar farzandim bor, – deydi Vobkent tumani Vobkent mahalla fuqarolar yig‘ini A.Qodiriy ko‘chasida istiqomat qiluvchi Mohigul Navro‘zova. – Yolg‘iz onaman. Shu korxonada mehnat qilaman. 700 ming so‘m oylik olaman. “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turaman. Ishimni juda ham yaxshi ko‘raman. Ana shunday zamonaviy korxonani tashkil etgan tashabbuskorlar va ularni qo‘llab-quvvatlayotganlarga  ming rahmat.

– Korxonada 2 yildan buyon mehnat qilaman, – deydi Shofirkon tumani Ko‘rishkent mahallasida yashovchi, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi Mastura Abdurahmonova. – Korxonamizda tayyor erkaklar jinsi shimi ishlab chiqariladi. Men mana shu ishlab chiqarilgan mahsulotlarga tugma qadayman. 1 million 500 ming so‘m maosh olaman. Bundan juda xursandman.

Ha, korxonaning qaysi bir xodimi bilan suhbatlashmang ana shunday minnatdorlik so‘zlarini eshitasiz. Bu Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning amaldagi samarasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, ana shu islohotlar ijrosi va samaradorligini oshirishda bank muassasalari, jumladan “O‘zmilliybank” AJ ning ham munosib hissasi bor.  

Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA