Vaqt sur’ati, innovatsion o‘zgarishlar, texnologik yangiliklar bugun har bir sohada ijobiy imidj bo‘layotir. Bu borada banklar ham zamon bilan hamnafaslik tamoyili asosida yangi g‘oya va tashabbuslarni hayotga tatbiq etmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 12 maydagi “2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi 5992-sonli farmoni mamlakatimiz bank tizimini rivojlantirish, xorijiy banklar tajribasi va xalqaro moliya maydonidagi zamonaviy vositalarni joriy qilishni o‘z ichiga olgan transformatsiya jarayonlarini amalga oshirishga kuchli turtki bo‘ldi.
“O‘zmilliybank”ni eng yaxshi, xalqaro standartlarga muvofiq ishlaydigan zamonaviy bankka aylantirish maqsadida «McKinsey&Company» xalqaro konsalting kompaniyasi bilan hamkorlikda 2021-2025 yillarda bank strategiyasi va bank faoliyatini transformatsiyasi dasturi ishlab chiqildi. Ushbu dastur 32 ta tashabbusdan iborat 77 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutib, u bank faoliyatini korporativ biznes, kichik va o‘rta biznes hamda chakana biznes yo‘nalishlarini, shuningdek, bank axborot texnologiyalarini rivojlantirish, bank tavakkalchiligini boshqarish, HR, kredit monitoringi va qarzdorliklarni undirish kabi 8 ta yo‘nalishini o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda bankning uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasini bank amaliyotiga tatbiq etish jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda..
Belgilangan barcha vazifalarni samarali hal etish maqsadida bankda Transformatsiya ofisi tashkil etildi. U tegishli bo‘linmalar bilan hamkorlikda strategiyani amaliyotga joriy qilinishini monitoring qiladi, muvofiqlashtiradi va amalga oshiradi.
Korporativ, kichik, o‘rta va chakana biznes segmentlar albatta, bankni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi. Shu bois, bankning korporativ mijozlariga yuksak darajada xizmat ko‘rsatish maqsadida mijozlar bilan ishlash menejerlari ish olib bormoqda. Shuningdek, kichik va o‘rta biznes yo‘nalishi bo‘yicha yangi xizmatlar ishga tushirildi. Ayni damda bank tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar tezligi va sifatini oshirish ishlari ham amalga oshirilmoqda.
Bank strategiyasini amaliyotga samarali tatbiq etish maqsadida bank tomonidan Yevropa, Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘istondan xalqaro ekspertlar jalb qilindi.
Bank yetakchi xalqaro amaliyotlarni joriy qilish strategiyasini amalga oshirish doirasida McKinsey kompaniyasi va xalqaro ekspertlar bilan faol hamkorlik qilmoqda. Raqobat muhitida bank sektoridagi yetakchi mavqeni mustahkamlash maqsadida bankda o‘z faoliyatiga Lean texnologiyalar, Six Sigma va Kaizen uslublarini joriy qilgan alohida jamoalar shakllantirildi.
“Milliy bank jamoasidagi ekspertning yangicha qarashlari bankni muvaffaqiyatli o‘zgartirish yo‘lidagi katta yutuqdir. O‘zbekistonning yetakchi banki jamoasi safiga qo‘shilar ekanman, jamoaning yangi a’zosi sifatida xodimlar bilan ishlash strategiyasini samarali amalga oshirish uchun jiddiy o‘zgarishlar kerakligiga aminman. Bank biznesi sohasi doim o‘zgarib turadi va mening ekspert sifatidagi qarashlarim bank jamoasi tajribasini yanada oshirishi kerak.
Hamkorlikdagi ishlar va bankning innovatsion yondashuvlari xodimlarni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratadi, deb o‘ylayman. Bu esa, strategik maqsadlarga erishish va bankning O‘zbekistondagi yetakchiligini mustahkamlashga ta’sir ko‘rsatadi”.
Korelskaya O.V. – Xodimlarni rivojlantirish va boshqarish bo‘yicha boshqaruvchi direktor.
“Mintaqadagi 25 yillik faoliyatim davomida O‘zbekiston bank bozorini, uning o‘lkan salohiyati o‘rgandim. Men 2022 yilda boshqa davlat bankidan Milliy bankka o‘tdim va hozirda bankda transformatsiya jarayonini boshqarishga ko‘maklashmoqdaman.
Chakana savdo, kichik va o‘rta biznes sektorida ko‘plab imkoniyatlar mavjud. Men Milliybank hamkori bo‘lgan Bank va moliya akademiyasida ma’ruzalar o‘qish orqali o‘z tajribam bilan bo‘lishish imkoniyati taqdim etilganidan minnatdorman”.
Louson S.M. – Bank Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi.
Milliy bank - 2024 yil uchun oliy maqsadlar va vazifalar.
Shunday qilib, 2024 yilda bank tomonidan quyidagi ko‘rsatkichlarga erishish rejalashtirilgan: qariyb 22,5 trillion so‘m miqdorida kredit, 19,7 trillion so‘m bankning umumiy kapitali va 28,3 trillion so‘m depozitlar bo‘yicha qoldiqlar ajratish. Bundan quyidagi natijalar kutilmoqda: aktivlar rentabelligini 2,2 foiz, kapital rentabelligini 12,0 foiz va operatsion xarajatlarning daromadlarga nisbatini 28,0 foiz darajada saqlab turish.
2024 yilda bank iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini faol kreditlash siyosatini davom ettiradi.
Shu maqsadda, kredit mablag‘larining asosiy qismini iqtisodiyotning quyidagi tarmoqlariga yo‘naltirish rejalashtirilgan:
- xizmat ko‘rsatish sohasi va tadbirkorlikni rivojlantirishga 11,5 trillion so‘m;
- eksportga yo‘naltirilgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga 10,2 trillion so‘m;
- sanoatni rivojlantirishga 6,6 trillion so‘m;
- qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlashga 1,2 trillion so‘m;
- chakana bozor segmentiga - 4 trillion so‘m va ipotekaga 3 trillion so‘m;
- transport sohasini rivojlantirish (viloyat markazlarida gazda yuradigan va elektrobuslarni xarid qilish)ga 1,8 trillion so‘m.
Mamlakatimizning yetakchi tijorat banki CRM tizimini ishga tushirish orqali o‘z mijozlari bilan munosabatlarni yanada yaxshilab, yangi pog‘onaga olib chiqadi va shu orqali o‘z faoliyatini bosqichma-bosqich raqamlashtirishni davom ettiradi. Shuningdek, AML tizimini joriy etish orqali va tavakkalchiliklarni boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish boshlanadi.
Mijozlarning tajribasini oshirish, taqdim etilayotgan xizmatlar samaradorligi va sifatini ta’minlash maqsadida bankda yuridik shaxslar uchun kredit konveyerlari, jismoniy shaxslar uchun ipoteka va avtokreditlar bo‘yicha raqamli mahsulotlar joriy etiladi. Bu o‘z navbatida, mijozlarga kredit olish jarayonini osonlashtirish va tezlashtirishga yordam beradi. Bunga qo‘shimcha ravishda, «Milliy 3.0» mobil ilovasining yangi talqini va yuridik shaxslar uchun yangi mobil ilova ham ishlab chiqiladi.
“O‘zmilliybank” AJ matbuot xizmati