Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zmilliybank” AJ: Farg‘onada xizmat ko‘rsatish tizimi rivojlanmoqda
15:54 / 2023-08-04

Xizmatlar sohasi mamlakatning iqtisodiy o‘sishi, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro mehnat tashkiloti hisob-kitobiga ko‘ra, xizmatlar sohasining 1 foizga o‘sishi kambag‘allikni o‘rtacha 1,5 foizga qisqartiradi.

Mamlakatimizda esa o‘tgan 5 yillik tahlillarga asosan, yalpi ichki mahsulotda xizmatlar sohasining ulushi 42 foizdan 47 foizga o‘sgan. Shuningdek, bugungi kunda umumiy korxonalar sonining 65 foizi, jami band aholining 50 foizdan ortig‘i xizmatlar sohasiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, aholi asosan ulgurji va chakana savdo, ta’lim, transport, davlat boshqaruvi, sog‘liqni saqlash hamda ijtimoiy xizmatlar sohalarida faoliyat yuritmoqda.  

Xizmatlar sohasining joylardagi holati bilan tanishish maqsadida “O‘zmilliybank” AJ matbuot xizmati tomonidan joriy yilning 2-3 avgust kunlari Farg‘ona viloyatiga press-tur tashkil etildi.  

Tadbirda OAV vakillari Bankning Farg‘ona viloyati Bosh boshqarmasi, “Meridian Diagnostic Hospital” klinikasi, “Fergana deluxe” mehmonxonasi, “Happy baby” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda “My Garden” FX kabi xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar bilan tanishtirildi.  

Dastlabki manzil “O‘zmilliybank” AJ ning Farg‘ona viloyati Bosh boshqarmasi bo‘ldi. Bu yerda 323 nafar professional mutaxassislar mijozlarga sifatli bank xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. Shuningdek, Quva, Rishton, Beshariq tumanlari hamda Qo‘qon shahrida “O‘zmilliybank” AJning Bank xizmatlari markazlari faoliyat yuritmoqda. Bank va uning Bank xizmatlari markazlari tomonidan ajratilgan kreditlar hisobidan viloyatda umumiy ovqatlanish maskanlari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish markazlari, katta maydonlarda intensiv bog‘lar, yirik sig‘imli zamonaviy muzlatgichli fermer xo‘jaliklari tashkil etilgan.  

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, 2023 yilning olti oyi davomida sanoat sohasiga 750 million, qishloq xo‘jaligi uchun 17,8 milliard, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishiga 65,4 milliard so‘mlik loyihalar amalga oshirilgan. Ushbu tadbirkorlik sub’ektlariga kredit mablag‘lari ajratilishi natijasida 305 yangi  ish o‘rni yaratilgan.  

“O‘zmilliybank” AJ ning Farg‘ona viloyati Bosh boshqarmasi tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida jami 349,1 mingta mijozlarga xizmat ko‘rsatilgan. Shundan 327 mingtasi jismoniy shaxslar va 22,1 mingtasi yuridik shaxslar hamda tadbirkorlik sub’ektlari hisoblanadi. Jismoniy shaxslarning jami depozit qo‘yilmalari 220,6 milliard so‘mni tashkil etadi.  

Ta’kidlash kerak, to‘lov plastik kartochkalaridan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida joylarda 34 bankomat, 2 709 savdo terminallari dislokatsiya qilingan. Bundan tashqari, aholiga valyuta amaliyotlarida qulaylik yaratish maqsadida viloyat hududida filialga tegishli 10 valyuta ayirboshlash shoxobchasi va 24/7 rejimda xizmat ko‘rsatuvchi ikkita avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash shoxobchasi (bankomat) xizmat ko‘rsatmoqda.  

Asosiysi, zamonaviy innovatsion bank xizmatlari ko‘rsatilishiga alohida ahamiyat qaratilgan. Bank mijozlarining 61 foizi masofadan boshqariladigan bank xizmatlaridan foydalanmoqda. Bunda hisobraqamlarda bank aylanmalarini amalga oshirish, onlayn kredit rasmiylashtirish yoki kredit qarzdorligini qoplash, xalqaro va milliy plastik kartochkalarda har qanday bank amaliyotlari hamda to‘lovlarni amalga oshirish, omonat rasmiylashtirish, xorijiy valyutalarda konversion amaliyotlar, pul o‘tkazmalari kabi bank xizmatlari shular jumlasidandir.  

Bugungi kunda viloyat iqtisodiy ko‘rsatkichlarida xizmatlar sohasining ulushi ham oshmoqda. Mazkur sohada viloyatda joriy yilning 1 iyul holatiga 29 mingdan ziyod korxona va tashkilotlar, shundan, 23 mingga yaqini kichik tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat ko‘rsatmoqda.  

Bugun viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlardan tashqari, yana 6 mingdan ziyod xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etish imkoniyati mavjud.  

O‘tgan ikki yilda viloyatda “O‘zmilliybank” AJ tomonidan xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Yangi istiqbolli loyihalar ishga tushirildi.  

Press-tur ishtirokchilarining tashrifi Farg‘ona shahridagi “Meridian Diagnostic Hospital” xususiy klinikasida davom etdi. Bank tomonidan ajratilgan 5 milliard so‘m kredit mablag‘i evaziga xususiy klinikaga tibbiyot jihozlari sotib olingan. Klinika qoshida xususiy tibbiyot universiteti tashkil etilgan bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 26 milliard 200 million so‘mni tashkil etadi.  

Xizmat ko‘rsatish tarmog‘ining ommalashgan yo‘nalishlaridan biri mehmonxona xizmati bo‘lib, Farg‘ona viloyatida bu yo‘nalish yildan yilga rivojlanmoqda. “Fergana deluxe” mehmonxonasi faoliyati press-tur ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Aholiga sifatli mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatib kelayotgan ushbu muassasa uchun ajratilgan loyihaning umumiy qiymati 15 milliard 300 million so‘m bo‘lib, shundan “O‘zmilliybank” AJ tomonidan ajratilgan kredit summasi 2 milliard so‘mni tashkil etadi. Bugungi kunda mazkur mehmonxonada 25 ish o‘rni yaratilgan.  

Aytish joiz, ayni paytda Farg‘ona viloyatida nafaqat davlat, shuningdek, xususiy ta’limga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda. Bu esa o‘z navbatida ta’lim sifati oshishi va xizmat ko‘rsatish darajasi rivojlanib borayotganidan dalolat.  

Press-tur ishtirokchilari Marg‘ilon shahridagi “Happy baby” davlat xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan ham tanishtirildi. Ma’lumot uchun aytish kerakki, mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti loyihasining umumiy qiymati 2 milliarddan ortiq bo‘lib, shundan 300 million so‘m o‘quv jihozlari sotib olish uchun  “O‘zmilliybank” AJ ning Farg‘ona viloyati Bosh boshqarmasi tomonidan ajratilgan. Bugungi kunda mazkur ta’lim maskanida 25 yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, muassasada 150 nafar tarbiyalanuvchi ta’lim -tarbiya oladi.  

Farg‘ona viloyatida azal-azaldan bog‘dorchilik rivojlangan. Buni Oltiariq tumanidagi “My Garden” XK faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin. Press-tur ishtirokchilariga agro xizmatlar, ya’ni meva-sabzavotlarni saqlash va tashish uchun logistika xizmatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor faoliyati katta qiziqish uyg‘otdi. Ta’kidlash kerak, mazkur fermer xo‘jaligi mazkur xizmatlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida joriy yilning o‘zida  “O‘zmilliybank” AJ dan 1,5 million AQSH dollari miqdorida kredit olgan. Natijada  fermer xo‘jaligida o‘ttizta yangi ish o‘rni tashkil etildi.  

Albatta, bugun Farg‘ona viloyatida xizmatlar sohasini rivojlantirish tarmog‘ida olib borilayotgan ishlar izchil davom etmoqda. Asosiysi, farg‘onaliklar bu borada bank ko‘magidan samarali foydalanmoqda. Bu esa mazkur yo‘nalishning istiqboli uchun xizmat qiladi.  

[gallery-13021]

Xususan, xizmatlar sohasida 2023 yil yakuni bilan 27 trillion so‘m xizmat ko‘rsatish hajmiga erishish, 2 mingta yangi xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini ishga tushirish, 1,8 mingta ko‘chma savdoni tashkil etish va 1,1 mingta xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish uchun yerlarni auksion savdolariga chiqarish, 97 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish, aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 7 million so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.  

Xizmatlar sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar, sohadagi korxonalarni zamonaviy ko‘rinishga keltirish, ularni hududlarning ixtisoslashuvi (drayveri)dan kelib chiqib tashkil etish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va xorijiy tajribalarni joriy etish kabi islohotlar davom etadi. O‘zmilliybank esa bu borada ishbilarmonlarning eng ishonchli moliyaviy manbasi sifatida har doim hamkorlikka tayyor.  

“O‘zmilliybank” AJ

Matbuot xizmati

O‘zA