Ayni paytda Farg‘ona viloyatida xizmatlar sohasi iqtisodiyot rivojida salmoqli o‘ringa ega bo‘lib, o‘tgan yil yakunida xizmat ko‘rsatish korxonalari soni 25,7 mingtaga yetdi. Birgina 2024 yilning o‘zida xizmat ko‘rsatish sohasida 4,5 mingga yaqin yangi tadbirkorlik sub’ektlari ish boshlagani viloyatda ushbu tarmoq nechog‘li jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi. O‘tgan yili viloyatda xizmatlar sohasida qariyb 187 ming nafar aholi bandligi ta’minlandi.
2025-2029 yillarda viloyat iqtisodiyoti drayveri – xizmat ko‘rsatish sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini ikki barobarga oshirish ko‘zda tutilgan. Viloyatni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish va kambag‘allikni qisqartirish maqsadida birgina joriy yilning o‘zida 220 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda. “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” dasturini amalga oshirish natijasida viloyatda kambag‘allik darajasini 2025 yili – 5 foiz, 2029 yili esa 2,4 foizga tushirish maqsad qilingan.
Qulay tadbirkorlik va investitsiya muhiti yaratish, kichik biznes qo‘llab-quvvatlash, sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm, xizmat ko‘rsatish va servis sohasi faoliyatini rag‘batlantirish hamda istiqbolli loyihalarni hayoga tatbiq etishda banklarning moliyaviy ko‘magi muhim ahamiyatga ega. Zero, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlar jarayonida banklar tadbirkorning eng ishonchli hamkori sifatida namoyon bo‘layotgani e’tiborga sazovordir.
Bankning moliyaviy ko‘magi bilan hududlarda o‘z biznes-loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlar faoliyati, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi ezgu tashabbuslar ijrosi bilan tanishish maqsadida “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyatining Matbuot xizmati tomonidan OAV vakillari ishtirokida Farg‘ona viloyatiga press-tur tashkil etildi.
Aytish o‘rinli, so‘nggi yillarda O‘zmilliybank Farg‘ona viloyatida nafaqat xizmat ko‘rsatish va servis tarmoqlarini faol qo‘llab-quvvatlash, balki ishlab chiqarish, sanoatni rivojlantirishda ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, press-tur ishtirokchilarining dastlabki manzili bo‘lgan Yozyovon tumanidagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “AGROLID” MCHJ faoliyatini kengaytirishda bank ko‘magidan foydalandi. Umumiy qiymati 4 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida bankdan 3 milliard so‘mga yaqin kredit ajratilib, xorijdan zamonaviy texnologiyalar olib kelib o‘rnatildi va 120 doimiy ish o‘rni yaratildi.
—Yozyovon tumanidagi “Ishga marhamat” monomarkazi orqali 50 nafarga yaqin ijtimoiy daftarlar ro‘yxatida turgan xotin-qizlarni o‘qitib, “Ustoz-shogird” an’anasi asosida ish yurityapmiz,—deydi korxona rahbari Feruza Mamasodiqova.—Har oyda o‘rtacha 65-70 ming dona bolalar, ayollar kiyim-kechaklari ishlab chiqarilib, MDH davlatlari, Polshaga eksport qilinmoqda. Bu yil xalqaro savdo ko‘rgazmalarida qatnashib, yangi hamkorlik kelishuvlariga erishish va eksport geografiyasini kengaytirishni maqsad qilganmiz.
Farg‘ona viloyatida so‘nggi yillarda davlat tibbiyot muassasalari bilan birga xususiy tarmoq ham jadal rivojlanib, hududlarda muhtasham klinikalar qad rostlayapti.O‘z navbatida barcha qulayliklar va zamonaviy sharoitlar muhayyo etilgan bunday shifo maskanlarida ko‘plab turdagi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yilib, avval viloyat markazi yoki poytaxtda, xorijda bajarilgan murakkab jarrohlik amaliyotlari har bir hududning o‘zida bajarilyapti. Natijada tibbiyot turizmi keng rivojlanib, qo‘shni viloyatlar, Markaziy Osiyo davlatlaridan davolanishga kelayotganlar soni yildan yilga ortib borayotir.
O‘tgan yilning noyabr oyida viloyatning olis va chekka hududlari sirasiga kiruvchi Yozyovon tumanida faoliyat boshlagan “DOCTOR XOLIQOV” xususiy klinikasi O‘zmilliybank krediti evaziga eng so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Bir paytning o‘zida 65 nafar bemorni qabul qila oladigan muassasada intensiv texnologiyalar yordamida 15 turdan ortiq tibbiy xizmatlar ko‘rsatilyapti. Klinika shifokorlari Germaniya, Gollandiya davlatida malaka oshirib keldi.
—Loyihaning umumiy qiymati 2 milliard 180 million so‘mni tashkil etadi,—deydi muassasa rahbari Shukrullo Turg‘unboyev.—Bank tomonidan ajratilgan 1 milliard 500 million so‘m miqdoridagi kredit evaziga tibbiyot markazi zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. 35 ta ish o‘rni yaratilib,
laboratoriya, UZI-diagnostika, tez va sifatli tashxis qo‘yish, davolash ishlari yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda klinikada buyrak, jigar ko‘chirib o‘tkazish, kardiologiya sohasida murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarish bo‘yicha amaliy sa’y-harakatlarga kirishilgan.
O‘zmilliybankning Matbuot xizmati tomonidan tashkil etilgan Press-turning ilk kuni shu singari istiqbolli loyihalar jarayoni bilan tanishuvdan iborat bo‘ldi. Jarayon ertaga ham davom etadi.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati
Muqimjon Qodirov suratlari