Samarqand shahrida Oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilari uchun “TalabaExpo – 2025” kasb ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O‘zmilliybank” AJ, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbir “Kelajakka qadam” dasturi va “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida tashkil etilib, yoshlarning bandligini ta’minlash, to‘g‘ri kasb tanlashlariga ko‘maklashish, shuningdek, ularning istiqbolli g‘oyalarini amalga oshirishlari uchun zarur imkoniyatlar yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
[gallery-24003]
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi, "O‘zmilliybank" AJ, “Kelajakka qadam” markazi va Samarqand viloyati hokimligi mas’ullari, oliygohlar rektorlari so‘zga chiqib, oliy ta’lim bitiruvchi-yoshlarini kasb-hunarga yo‘naltirish, bandligini ta’minlash, ilg‘or tadbirkorlik va startap g‘oyalarini hayotga tatbiq etish maqsadida yaratilgan sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
– Davlatimiz rahbarining joriy yil 14 fevralda qabul qilingan “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida yoshlarning bandligini ta’minlash, oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining mehnat bozoriga integratsiyasini kuchaytirish, xususiy sektor va tijorat banklari ishtirokida kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Milliy bank hamkorligida “Kelajakka qadam” dasturi amalga oshirilishi belgilangan, – dedi “Kelajakka qadam” markazi direktori Elmurod Hoshimov. – Dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Respublikamizning barcha hududlaridagi oliy ta’lim tashkilotlarida “Kelajakka qadam” markazlari tashkil etildi. Bu esa har bir bitiruvchi talaba uchun universitet hududidan chiqmagan holda o‘z biznes g‘oyasini tayyor loyihaga aylantirish va moliyalashtirish imkoniyatini yaratdi.
“Kelajakka qadam” dasturidagi ustuvor yo‘nalishlar asosida bitiruvchilarning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashishiga ko‘maklashish maqsadida salohiyatli ish beruvchilarni jalb qilgan holda hududlar va sohalar bo‘yicha mehnat yarmarkalari muntazam tashkil etilmoqda. Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchi va quyi bosqich talabalari o‘rtasida sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazilib, g‘olib bo‘lgan talabalar ish bilan ta’minlanmoqda. Eng muhimi, o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish istagida bo‘lgan bitiruvchi bosqich talabalari uchun bank tomonidan biznes g‘oya tayyor loyihagacha olib borilib, qulay shartlarda moliyalashtirilmoqda. Buning uchun Milliy bank tomonidan “Kelajakka birinchi qadam”, “Kelajak uchun start” hamda “Yorqin kelajak sari” yangi kredit mahsulotlari ishlab chiqildi.
Davlatimiz rahbari shu yil 7 mart kuni xotin-qizlar bilan uchrashuvi chog‘ida ayollar, jumladan, qizlarni o‘qitish va kasb-hunar o‘rgatish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surgan edi. Shu asosida Savdo-sanoat palatasi huzurida Tadbirkor ayollar kengashi tashkil etildi. Ushbu kengash joylarda ayol tadbirkorlarni qiynayotgan hayotiy muammolarni hal qilish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri parlament oldiga masala qo‘yish vakolatiga ega bo‘ladi. Bu yil mahallalarda ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun qo‘shimcha 3,3 trillion so‘m ajratilishi belgilandi. Umuman bu yil kasb-hunarga o‘qitish, ishli qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan 2 million nafar ayolning bandligini ta’minlash maqsad qilingan.
Ikki kun davom etgan ko‘rgazmada mamlakatimizdagi 300 ga yaqin yirik ish beruvchi korxona va tijorat banklari, Samarqand viloyatidagi 20 ga yaqin oliy o‘quv yurtidan 18 ming nafar talaba-yoshlar ishtirok etdi. Quvonarlisi, tadbirda nafaqat Samarqanddagi, balki respublikamizning boshqa hududlaridagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan samarqandlik bitiruvchilar va abituriyentlar qatnashdi. Besh ming nafarga yaqin bitiruvchilar ish beruvchi tashkilotlar vakillari bilan suhbatlashib, maslahat va tavsiyalar oldi. 2100 nafardan ortiq bitiruvchining esa ish joyi deyarli aniq bo‘ldi.
– Kompaniyamizda 4 ming nafardan ortiq xodim faoliyat ko‘rsatadi, – deydi to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi “ZARAFSHON TEKSTIL” korxonasi kadrlar bo‘limi boshlig‘i Shahnoza Qahhorova. – Korxonamizda iqtisodchi, buxgalter, marketing yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislarga ehtiyoj bor. Ayni paytda 20 nafarga yaqin ishchi-xodim uchun bo‘sh ish o‘rni mavjud. Ish so‘rab kelayotgan oliy o‘quv yurtlarining bitiruvchilariga kompaniyamiz uchun zarur bo‘ladigan mutaxassisliklar haqida batafsil ma’lumot berib, ishga joylashtirish bo‘yicha suhbat o‘tkazyapmiz.
Ko‘rgazma doirasida “Talaba – kelajak” nomli uchrashuvlar, muloqotlar, seminar-treninglar va interaktiv master-klasslar tashkil etildi. Ular orqali yoshlar yetuk mutaxassislar, ish beruvchilar va tadbirkorlardan o‘z kasbiy yo‘nalishlarini belgilashda maslahatlar, tajribalar va yo‘l-yo‘riqlar olishdi.
Tadbir doirasida bo‘lg‘usi tadbirkorlar o‘z biznes g‘oya va startap loyihalarini taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Jumladan, 221 nafar talaba biznes loyihasini taqdim etdi va ular tadbirkorlikka yo‘naltirildi. Eng istiqbolli g‘oyalar moliyaviy qo‘llab-quvvatlanib, tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratildi.
– Yarmarkada o‘zimni qiziqtirgan bir qator tashkilotlardagi bo‘sh ish o‘rinlari va imtiyozli kreditlar bilan tanishdim, – deydi payariqlik Oybek Safarov. – Endi qishloq xo‘jaligi sohasida tadbirkorlik faoliyatimni boshlash bilan birga, ishlab chiqarish korxonasida ham tajribamni oshirmoqchiman.
Ko‘rgazma doirasida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari o‘z ta’lim dasturlari, qabul shartlari va mavjud imkoniyatlari bilan qatnashchilarni tanishtirishdi. Bu esa abituriyentlarga o‘z kelajak ta’lim yo‘nalishini ongli va maqsadli ravishda tanlashga xizmat qildi. Ikki kun davom etgan tadbir doirasida madaniy-ko‘ngilochar dasturlar ham tashkil etildi.
“TalabaExpo – 2025” ko‘rgazmasi bitiruvchi yoshlar uchun kasbiy yo‘nalishini aniqlash, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish hamda yangi imkoniyatlar eshigini ochishda muhim poydevor vazifasini o‘tadi.
G‘olib HASANOV,
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA muxbirlari