«Freedom Finance» – Amerika va Rossiya fond bozorlarida o‘n yil, O‘zbekiston fond bozorida uch yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan investitsion kompaniya. Yaqinda bu investitsion kompaniya o‘z rasmiy saytida «O‘zmetkombinat» aksiyadorlik jamiyatining 2020 yil to‘rtinchi choragi va 2021 yil birinchi chorakdagi iqtisodiy holatini sharhlab berdi.
Sharhda kombinat faoliyatiga yuqori baho berilgan. Xususan, quyish-prokatlash majmuasining moliyalash tarkibi ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu majmua 2023-2024 yillarda ishga tushirilishi natijasida 2025 yilga borib korxonada daromad uch baravarga oshishi prognoz qilingan.
«O‘zmetkombinat» AJ matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2020 yil pandemiya munosabati bilan belgilangan qat’iy izolyatsiyadan (cheklanishdan) so‘ng to‘rtinchi chorakda kombinat daromad olishni tiklashda jadal sur’atlarga erishdi. To‘rtinchi chorakda tushum 2019 yilning shu davriga nisbatan 4,4 foizga, 2018 yil to‘rtinchi choragiga qaraganda esa 19 foizga oshgan. Natijada sof foyda 2019 yilning shu davriga nisbatan 51,85 foizga, 2018 yilga qaraganda 137,9 foizga ko‘paydi.
2021 yil birinchi choragida kombinat sof foyda olishda eng yuqori natijaga erishgan, deyiladi sharhda. Birinchi chorakda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sof foyda olish 225,9 foizga oshib, kombinat o‘z tarixida rekord natijaga erishgan. 2020 yil birinchi choragiga qaraganda daromad 49,6 foizga ko‘paygan.
Shuningdek, materialda O‘zbekiston fond bozorida kombinat aksiyalarining nominal qiymati, unga to‘lanayotgan dividendlar qanday oshib borayotganligi diagrammalarda ko‘rsatib o‘tilgan.
Sharhda so‘nggi paytda kombinatning iqtisodiy jihatdan yaxshi natijalarga erishayotganligi yuqori dividendlarni to‘lash imkonini berishi, kombinatning mustahkam va ishonchli salohiyati ta’kidlanib, bu borada ham investitsion kompaniya sharhlovchisi o‘z prognozlari bilan o‘rtoqlashgan.
O‘zA