Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zmetkombinat” AJ xodimlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish uchun 6,7 milliard so‘m ajratdi
18:58 / 2025-06-05

Bu haqda bugun AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda jamiyat boshqarma boshlig‘i Gulmira Toshmatova ma’lum qildi.

Unda ta’kidlanishicha, hozirgi kunda korxonada 8235 nafar xodim mehnat qiladi. Ularning 1770 nafari xotin-qizlardir.

Kombinat xodimlarining mehnatini muhofaza qilish, mehnat sharoitlarini nazorat qilish, baxtsiz hodisalar va yong‘inlarning oldini olish, shuningdek, sanoat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida maxsus departament faoliyat yuritadi.

“O‘zmetkombinat” AJ ISO 45001:2018 xalqaro standartiga muvofiq, “Sog‘liqni muhofaza qilish va xavfsiz mehnatni ta’minlash menejmenti” bo‘yicha xalqaro va milliy sertifikatlarga ega. Ushbu standart talablariga muvofiq, korxonada jadval asosida ichki audit ishlari amalga oshirilmoqda.

2025 yilda sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasini ta’minlash yuzasidan 55 banddan iborat chora-tadbirlar belgilangan va ular bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ishga qabul qilingan barcha xodimlar maxsus kiyim, poyabzal va shaxsiy himoya vositalari bilan bepul ta’minlanmoqda. Bu maqsadda jamiyat tomonidan 20 milliard 453 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

- Korxonada jami 11 ta oshxona faoliyat ko‘rsatmoqda va ular 24 soat davomida xodimlarga xizmat ko‘rsatadi. Shu bilan birga, gigiyena talablariga rioya etilishi va xodimlar salomatligini nazorat qilish maqsadida “Metallurg” shifoxonasi shifokorlari va kasaba uyushmasi vakillari ishtirokida tibbiy muhandislik brigadalari tashkil etilgan. Ular tarkibiy bo‘linmalarda jadval asosida tekshiruv ishlarini olib bormoqda.

Sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasi departamenti mutaxassislari tomonidan kran haydovchisi, yuk iluvchi, gaz xo‘jaligi hamda bosim ostida ishlovchi uskunalar operatorlari uchun o‘quv kurslari tashkil etilmoqda, - dedi G.Toshmatova.

Shuningdek, kombinat rahbar va mutaxassislarining bilimlarini tekshirish maqsadida maxsus komissiya tomonidan elektron shaklda sinov tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Xodimlar uchun tb.uzbekstell.uz elektron platformasi orqali savolnomalar va tegishli qo‘llanmalardan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Tadbir yakunida 2025 yil aprel oyida umumiy hisobda 126 nafar rahbar va mutaxassislarning sanoat xavfsizligi bo‘yicha bilim va malakasi oshirilgani ta’kidlandi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA