Bugun Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan anjumanda “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Akmal Sharipov tijorat o‘quv kurslarining maqsad va vazifalari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilishicha, mazkur o‘quv kurslarini tashkil etishdan maqsad sanoat kasblariga qiziqqan yoshlarni o‘qitish va ularni amaliyot jarayonlari bilan yaqindan tanitishga qaratilgan. O‘quv kurslarida 18 yoshdan yuqori bo‘lgan fuqarolar ta’lim olishi ko‘zda tutilgan.
[gallery-17642]
–Kombinat tomonidan sanoat ishchi kasbiga ega bo‘lgan malakali kadrlarni yetishtirish uchun tijorat o‘quv kurslarini tashkil etish belgilandi, – dedi “O‘zmetkombinat” AJ boshqarma boshlig‘i Bahodir G‘ulomov. – Unda kombinatning malakali mutaxassislari mashg‘ulotlarni olib boradi. Ular nafaqat ishlab chiqarish, balki ko‘p yillik pedagogik tajribaga ham ega. O‘quv amaliyotlari real ishlab chiqarish sexlarida tashkil etiladi. Bunda bizning 40 dan ziyod turli xil sanoat uchastkamiz faoliyati qo‘l keladi.
Tadbirda tijorat o‘quv kurslari faoliyatida erishilgan natijalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Unga ko‘ra, 2023 yilning 18 dekabridan 2024 yilning 19 apreliga qadar tashkil etilgan o‘quv kursida 13 nafar tinglovchi tahsil olgan. Joriy yilning 1 may kunida ular imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, tegishli guvohnomalarga ega bo‘lgan.
N.Ziyodullayeva, O.Pardayev (surat), O‘zA