French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zlikni anglash yo‘lida yo‘qolayotgan psixologiya
15:35 / 2025-10-29

Psixologiya – insoniyat tafakkurining eng chuqur qatlamlariga kirib boruvchi, inson ongi, hissiyoti, xulq-atvori sirlarini o‘rganishga qaratilgan muhim soha hisoblanadi. Bu soha nafaqat shaxsni anglash, balki jamiyatdagi o‘zaro munosabatlar va ruhiy muvozanatni ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, insonni anglamay turib, jamiyatni tushunib bo‘lmaydi. Shu bois, psixologiya insonni va insoniyatni anglashga yo‘naltirilgan eng nozik va mas’uliyatli ilmiy yo‘nalishlardan biridir.

Bugungi kunda psixolog kasbiga bo‘lgan ommaviy qarashlar biroz soddalashib ketganini inkor etib bo‘lmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda “psixolog” nomi ostida faoliyat yuritayotgan ko‘plab shaxslar o‘zini “ruhshunos” deb e’lon qilgan bo‘lsa-da, amalda bu sohaning ilmiy asoslarini chuqur anglamagan holda, yuzaki motivatsion shiorlar va hissiyotga yo‘g‘rilgan “tezkor maslahatlar” bilan cheklanib qolmoqda.

“Ichki menni toping”, “O‘zingizni seving”, “Hech kim uchun o‘zgarmang” kabi iboralar aslida psixologik yondashuvning bir qismi bo‘lishi mumkin, ammo bu iboralar ilmiy asosda tahlil qilinmasa, ular insonni ruhiy muvozanatga emas, balki o‘zini oqlash va boshqalarni ayblash holatiga olib kelishi mumkin. Natijada, jamiyatda psixologiya haqidagi tasavvur soddalashib, bu kasbning haqiqiy qadri pasayadi.

Aslida chinakam psixolog inson ruhiyatining “shifokori”, hissiy holatlarning tahlilchisi va shaxslar orasida empatiya asosida muloqot qura olishni shakllantiruvchi mutaxassis. U shunchaki maslahat beruvchi emas, balki shaxsning ichki dunyosini anglab, u bilan birga yechim topuvchi hamrohdir.

Psixologiya – bu “tez boyish” yoki “ommaviy tanilish” vositasi emas, balki inson hayotining eng nozik tomonlariga javobgar ilmiy yo‘nalish. Har bir psixologning mas’uliyati shundaki, u o‘z so‘zlari orqali inson hayotiga ta’sir o‘tkazadi. Bir noto‘g‘ri talqin yoki yuzaki “motivatsiya” insonning ruhiy dunyosida iz qoldirishi, ba’zida esa uning qarorlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

So‘nggi yillarda psixologiya sohasi tijoratlashuv yo‘liga kirib, ko‘plab “tezkor kurslar”, “sertifikatli treninglar” va “onlayn psixolog” xizmatlari ko‘payib ketdi. Bu jarayon bir tomondan psixologik bilimlarning ommalashuviga xizmat qilsa-da, ikkinchi tomondan uning ilmiy chuqurligini yo‘qotmoqda.

Bugun ayrim shaxslar psixologiyani daromad manbai sifatida ko‘rib, inson ruhiyatini o‘rganish emas, balki sotuvni oshirishni maqsad qilmoqda. Bunday holat esa nafaqat mutaxassislik obro‘sini, balki jamiyatning bu sohaga bo‘lgan ishonchini ham yemirmoqda.

Bunda faqat soxta psixologlarni ayblash ham to‘g‘ri emas. Har bir insonning tanlov madaniyati, o‘z muammosiga ongli yondashuvi ham muhim rol o‘ynaydi. Psixologik yordamga murojaat qilayotgan shaxs avvalo mutaxassisning malakasi, ta’limi va tajribasiga e’tibor berishi, so‘zning jozibasiga emas, dalil va amaliy natijaga tayanishi lozim. Chunki inson o‘z hayotidagi muammolarni hal etishda shoshqaloqlik yoki emotsional qarorlarga berilsa, bu yangi ruhiy ziddiyatlarni keltirib chiqaradi. Psixolog bilan ishlash jarayoni, bu ichki o‘zgarish va o‘zini anglash maktabidir. U bir kechada emas, izchil muloqot, ishonch va tahlil orqali ro‘y beradi.

Bugungi globallashuv davrida inson ruhiyati tobora murakkablashib bormoqda. Stress, axborot bosimi, ijtimoiy solishtirish va raqamli muhitda yashash kabi omillar inson ruhiyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois psixologiya faniga ehtiyoj hech qachon bugungidek yuqori bo‘lmagan. Ammo bu ehtiyojni to‘g‘ri yo‘naltirish, uni yuzaki “motivatsion” shiorlardan ajratish jamiyatning umumiy madaniy va intellektual mas’uliyatidir. Haqiqiy psixologlar esa ana shu mas’uliyatni chuqur his etgan holda, inson ruhiyatiga ehtiyotkorlik bilan yondashuvchi, empatiya, tahlil va insonparvarlik timsoliga aylanishlari lozim.

Dildora DO‘SMATOVA

O‘zA