Ma’lumki, shu kunlarda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan sana munosabati bilan diyorimizning turli hududlarida madaniy tadbirlar, ilmiy anjumanlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, kuni kecha Farg‘ona viloyatidagi Qo‘qon universitetida “Globallashuv sharoitida ona tili va adabiyotning ijtimoiy ahamiyati va uni saqlash tamoyillari” mavzusida navbatdagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan anjumanda respublikamizda faoliyat olib borayotgan olimlar, professor-o‘qituvchilar, mustaqil tadqiqotchilar, shuningdek Shvetsiya, Hindiston, Turkiya va Qozog‘istondan kelgan ilmiy doira vakillari, ijodkorlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar milliy tilni asrab-avaylash, uning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish, boy adabiy merosimizni chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish xususida fikr yuritishdi. Xorijlik mehmonlar o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashib, o‘zbek tilida yaratilgan badiiy asarlarni dunyo bo‘ylab yanada ommalashtirish uchun xalqaro hamkorlik muhimligini ta’kidladilar.
[gallery-25808]
Yig‘in doirasida zamonaviy o‘zbek adabiyotining iste’dodli vakili, marhum A’zam O‘ktam tavalludining 65 yilligi ham keng nishonlandi. So‘z olganlar shoirning adabiy merosi, o‘zbek she’riyatidagi betakror uslubi va zamondoshlari qalbidan joy olgan obraz yaratish mahorati haqida to‘lqinlanib gapirdi.
– A’zam O‘ktamning adabiy shaxsiyati va qiyofasi, iste’dodining asosiy qirrasini she’riy asarlari belgilaydi, – deydi Shvetsiya yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Jahon uyg‘ur shoirlari assotsiatsiyasi rahbari Abdushukur Muhammad O‘zA muxbiriga bergan intervyusida. – Uning ash’orlarida milliy ruh va falsafiy tafakkur mujassam. Har bir misra va obraz qalbga yaqin. Men ushbu adibning “Kuzda kulgan chechaklar” kitobini uyg‘ur tiliga tarjima qilganman. Endi shoirning she’rlarini Shvetsiyadagi adabiy jurnallarda e’lon qilish, Stokgolm shahrida madaniy muloqotlar uyushtirish niyatidamiz.
Konferensiya yakunida o‘zbek tilini keng targ‘ib etish maqsadida ilmiy maqola va risolalar tanlovini o‘tkazish taklifi bir ovozdan ma’qullandi. Shuningdek, Buvayda tumanidagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “A’zam O‘ktam ijodi” nomli sinf xonasi tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
O‘.Alimov, O‘zA