Bugun biz O‘zbekistonning barcha farzandlari kabi Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalqining hamisha faxrlanib, asrlar osha ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan bebaho madaniy qadriyatlarining xalqaro miqyosda tan olinishi — YUNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilishi munosabati bilan cheksiz g‘urur va iftixor tuyg‘usini boshdan kechirmoqdamiz.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi va Jo‘qorg‘i Kenges deputati sifatida, ushbu tarixiy voqea nafaqat qoraqalpoq xalqi, balki butun O‘zbekiston uchun katta yutuq ekanligini ta’kidlamoqchiman.
Joriy yilning dekabr oyida Hindistonning Nyu-Dehli shahrida o‘tkazilgan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitaning sessiyasi haqiqatda ham ko‘p millatli O‘zbekistonimiz uchun muhim voqealarga boy bo‘ldi. Eng quvonchlisi shundaki, bizning jonajon yurtimizning ikkita betakror madaniy durdonasi — qoraqalpoq xalqining milliy musiqa madaniyatining ajralmas qismi bo‘lgan “Qo‘biz va jirov ijrochilik san’ati” hamda ularning ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan milliy urf-odatlarimiz va bunyodkorlik madaniyatini o‘zida mujassam yetgan “Qora uy” (o‘tov) qurish an’analari YUNESKOning yuqori xalqaro ro‘yxatlariga kiritildi.
Bularning birinchisi — “Qo‘biz va jirov ijrochilik san’ati” — Zudlik bilan muhofaza qilishga muhtoj bo‘lgan nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga, ikkinchisi esa — “Qirg‘iz, qozoq va qoraqalpoq o‘tovlarini barpo etishga oid an’anaviy bilim va ko‘nikmalar” nomli umumiy nominatsiya doirasida Reprezentativ ro‘yxatga kiritildi.
Bu yutuq nafaqat Qoraqalpog‘iston xalqining ming yillik tarixiga, balki butun O‘zbekistonning boy ma’naviy va madaniy merosiga bo‘lgan xalqaro e’tirofdir. Bu — ajdodlarimizdan bizga yetib kelgan qadriyatlarning naqadar teranligi, ma’naviy merosimizning buyuk qudrati va avlodlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikning yorqin tasdig‘idir. Har bir madaniyat elementi, har bir an’ana bizning o‘ziga xosligimiz, milliy o‘zligimizni belgilovchi muhim omil hisoblanadi.
“Qora uy”ning qurilishiga oid bilim va ko‘nikmalar qoraqalpoq xalqining bunyodkorlik madaniyatini, uy-joy qurilishi va me’morchilik bilimlari jamlangan noyob madaniy merosidir. Uning 6, 8, 12 qanotli bo‘lishi va boshqa xalqlar o‘tovlaridan o‘ziga xos tarzda ajralib turishi, albatta, uni YUNESKO Reprezentativ ro‘yxatiga kiritish uchun asos bo‘lgan. Shu bilan birga, qo‘bizning an’anaviy epik dostonlarni ijro etishda muhim rol o‘ynashi, jamiyatda birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilishi ham uning Zudlik bilan muhofaza qilish ro‘yxatiga kiritilishiga sabab bo‘ldi. Bu esa, o‘z navbatida, ushbu san’at turlarini ilmiy o‘rganish, ustoz-shogird an’analarini davom ettirish, yangi o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar ochib beradi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakillari har doim mamlakatimizda milliy qadriyatlarni, madaniy merosni asrab-avaylash, uni targ‘ib qilish va yosh avlod ongiga singdirishni asosiy maqsadlarimizdan biri deb bilamiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlari, jumladan, qoraqalpoq xalqining noyob madaniy merosini asrash, rivojlantirish va jahon miqyosida targ‘ib qilishga qaratilgan vazifalar aynan bizning partiyamiz g‘oyalari bilan hamohangdir. Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva rahbarligida amalga oshirilgan tizimli va amaliy ishlar mana shunday ijobiy natijalarga olib kelayotgani bizni nihoyatda quvontiradi. Bu nafaqat ularning, balki butun O‘zbekiston xalqining, madaniyatimizga daxldor barchaning g‘alabasidir.
“Milliy tiklanish” partiyasi har doim xalqimizning o‘ziga xosligini ta’minlovchi qadriyatlarini, madaniy merosini ko‘z qorachig‘idek saqlash va kelajak avlodlarga yetkazishni o‘zining asosiy vazifasi deb biladi. Bunday xalqaro e’tiroflar bizni yanada ruhlantiradi va bu yo‘ldagi sa’y-harakatlarimizni kuchaytirishga undaydi. Biz esa o‘zligimizni beqiyos qiluvchi boy qadriyatlarimizni asragan holda yangi bosqichlarga qadam tashlashda davom etamiz. Ushbu buyuk yutuq barchamizni yana bir bor birlashtirib, kelajakda yanada ulug‘vor maqsadlar sari intilishga undaydi.
Tojiboy Romanov,
"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi,
Jo‘qorg‘i Kenges deputati
O‘zA