Mulohaza
Zamonamizda kino va seriallar nafaqat ko‘ngilochar mahsulot, balki ijtimoiy ongni shakllantiruvchi kuchli vositaga aylangan. Ular orqali tomoshabinlar faqatgina vaqtni mazmunli o‘tkazmay, balki tarix, ma’naviyat va hayotiy qadriyatlar haqida saboq ham oladi. Bugungi kunda turli mavzularda suratga olinayotgan kino-seriallar – ijtimoiy munosabatlardan tortib, tarixiy voqealargacha ommani o‘ziga jalb qilmoqda. Biroq, bu sohada ikki yo‘nalish yaqqol ajralib turadi: biri ijtimoiy-maishiy mavzular, xususan, qaynona va kelin, er-xotin muammolarini yoritadigan seriallar bo‘lsa, ikkinchisi esa milliy ma’naviyat, tarix va buyuk ajdodlar hayotini aks ettiruvchi badiiy asarlardir.
O‘zbek kino-seriallarining aksariyati bugungi kundagi ijtimoiy hayotni aks ettiradi. Ayniqsa, oila a’zolarining bir-biriga konfliktlari, xiyonat va kelishmovchiliklar kabi mavzular asosiy yo‘nalishga aylangan. Albatta, bu kabi seriallar muayyan auditoriyaning muammolariga e’tibor qaratadi, lekin ularning ko‘p hollarda dramatik ifodalanishi tomoshabinning didini bir yoqlama shakllantirib, stereotiplarni mustahkamlab qo‘yishi mumkin.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda milliy kino va serial sanoatida ijobiy o‘sish kuzatilmoqda. Xususan, ma’rifatparvar bobokalonlarimiz – Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Is’hoqxon Ibrat kabi buyuk siymolar hayoti asosida yaratilgan badiiy filmlar, hujjatli lavhalar tomoshabinni tarixga yuz tutishga chorlamoqda. Bu kabi asarlar nafaqat estetik zavq, balki ma’naviy tarbiya ham beradi. Ayni shu jihat serial san’atining eng muhim fazilatlaridan biridir – u o‘tmishni zamonaviy ifoda vositalari orqali hayotga qaytaradi.
O‘zbekiston va Turkiya hamkorligida suratga olingan “Mendirman Jaloliddin” seriali bu borada alohida e’tiborga loyiq. Serial buyuk davlat arbobi va sarkarda – Jaloliddin Manguberdi obrazini markazga olib, uning shaxsiy hayoti va tarixiy qahramonliklarini badiiy asosda namoyon etishga uringan. Serial Jaloliddin Manguberdi hayotiga asoslangan bo‘lsa-da, undagi voqealar to‘liq tarixiy manbalar asosida emas, balki badiiy tafakkur asosida qayta talqin qilingan. Serial yoshlar orasida tarixga qiziqishni oshirdi, Jaloliddin Manguberdi kabi qahramonlarni tanishga, ularga ergashishga undadi. Shu bilan birga, u tarixiy merosni kino san’ati orqali targ‘ib qilishda qanday imkoniyatlar borligini ko‘rsatib berdi.
Etnik kelib chiqishi va tarixi bizga juda yaqin Turkiya tarixiy kino-seriallar sohasida bugungi kunda yetakchilik qilyapti. Jumladan, “Ertugrul”, “Muhtasham yuz yil” yoki “Ko‘sem” kabi tarixiy seriallar ham yurt o‘tmishini bo‘yoqli, badiiy va qiziqarli tarzda tomoshabinga yetkazish orqali milliy o‘zlik mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. Bu seriallarda real tarixiy shaxslar, siyosiy voqealar, madaniy qadriyatlar va ijtimoiy muammolar o‘z aksini topgan. Natijada yosh avlod tarixni faktlardan emas, hissiyot va obrazlar orqali yodda saqlaydi. Bunga tarixni o‘rganishning yangi pedagogik usuli sifatida qarashimiz mumkin.
Bu kabi seriallarning foydasi ikki yo‘nalishda namoyon bo‘ladi: birinchidan, ular tomoshabinning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga xizmat qiladi. Ikkinchidan esa, badiiy asar bo‘lishiga qaramay, ma’lum darajada ma’naviy, tarixiy va ijtimoiy bilimlar bilan boyitadi. Bugungi raqamli axborot oqimi fonida aynan seriallar vositasida yoshlarimizga tarixni, qadriyatni, til va madaniyatni yetkazish samarali usullardan biri.
Hali-hanuz ko‘ngil tubida qolib ketgan tarixlar, haqiqatni ayta olmay ketgan ajdodlar haqida badiiy asarlar yetarli emas. Aynan shunday og‘riqli va haqiqatga boy tarixlardan biri – Germaniyada tahsil olib, keyinchalik qatag‘on qurboni bo‘lgan o‘zbek talabalari taqdiridir. Ular nafaqat ilm-fan sohalarida, balki siyosiy tafakkurda, dunyoqarashda ham yuksak salohiyat sohiblari edi. Afsuski, ularning aksariyati vatanga qaytgach, dahshatli qatag‘on yillarida “xalq dushmani” degan tuhmat bilan otib tashlangan yoki surgun qilingan.
Ularning nomlari, asarlari, hayoti bugun ham keng jamoatchilikka yetarlicha tanish emas. Agar biz bu kabi ajdodlarimiz hayotini kino-seriallarda qayta jonlantirsak, millat qahramonlariga munosib hurmat ko‘rsatgan, yoshlarga tarixiy xotira, milliy g‘urur, vatanparvarlik tuyg‘usini singdira olgan bo‘lardik.
Milliy kino va seriallar bu milliy xotiramizning aksidir. Uning yordami bilan biz kechagi kunni eslaymiz, bugungi avlodga saboq beramiz va ertangi kunimizni barpo qilamiz. Germaniyada ilm izlab, Vatan uchun orzu qilgan, ammo dushman sifatida qaralib, qatag‘on qilingan yoshlar haqida serial yaratish — bu birgina san’at namunasi emas, balki millat oldidagi burchni ado etishdir. Bu kabi hayoti ibrat bo‘ladigan shaxslar tariximizda sanoqsiz. Ularning har biri alohida namuna bo‘lib xizmat qiladi. Biz bu shaxslarni faqatgina kitob va tarixga muhrlamasdan, zamonaviy kino, seriallar va teatrlar orqali qayta yashatgan bo‘lardik.
Shu bois, milliy seriallar yaratishda mualliflar va rejissyorlar bir savolga javob izlashi lozim: bu asar tomoshabinning dunyoqarashi va ma’naviyati uchun foydali bo‘ladimi? Agar ushbu mezon asosida ish yuritilsa, seriallar nafaqat ommabop, balki ijtimoiy foydali, madaniy va tarbiyaviy jihatdan qadrli san’at namunalariga aylanishi shubhasiz.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA