Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zLiDePning yarim yillik faoliyati sarhisob qilindi
16:33 / 2025-08-11

Poytaxtimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida belgilangan maqsad-vazifalarni amalga oshirish yuzasidan shu yilning birinchi yarim yilligida olib borilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, partiya Saylovoldi dasturi Prezidentimiz olib borayotgan islohotlar bilan hamohang bo‘lib, mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligini ta’minlashda o‘zaro uyg‘un maqsad va vazifalarni qamrab olgan. Partiya o‘tgan 6 oylik faoliyati davomida Prezidentimiz ichki va tashqi siyosatiga hamohang ravishda aholi bilan muloqot qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish va ular uchun soliq yukini kamaytirish, aholini ijtimoiy himoya qilish kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratdi. 

O‘tgan yarim yillikda quyi bo‘g‘inlar soni 199 taga ko‘payib, partiya a’zolari soni 2 million 19 ming nafarga yetdi. 

O‘zLiDePning parlament quyi palatasidagi fraksiyasi qonun ijodkorligi yo‘nalishida o‘tgan yarim yilda 1 ta qonun loyihasi ishlab chiqqan bo‘lsa, 7 ta qonun loyihasida hamtashabbuskor sifatida ishtirok etdi. Mazkur qonunlar tadbirkorlik erkinligini kengaytirishdan tortib sun’iy intellekt, noshirlik faoliyati va diniy sohadagi davlat siyosatini takomillashtirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, parlament va deputatlik nazorati doirasida vazirlar va davlat organlari rahbarlarining hisobotlari eshitildi, 21 ta deputatlik so‘rovi yuborildi. Fraksiya a’zolari va mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhi, boshlang‘ich partiya tashkilotlari vakillari birgalikda mahallalar bilan ishlash, aholi muammolari va murojaatlarini hal qilish, eng chekka hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlarni Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Andijon va Xorazm viloyatlari kesimida o‘rgandilar. 

Jumladan, fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyati, qishloq hududlarida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlar samaradorligi, kichik sanoat zonalaridagi ishlab chiqarish jarayonlari o‘rganildi. Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha manzilli dasturlar ijrosi, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va tizimli ijtimoiy muammolarga oid masalalar muhokama etildi. Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish, investitsiya dasturlari ijrosi, qurilish, energetika, shu jumladan, energotejamkorlik masalalari, aholi punktlarini jamoat transporti bilan qamrab olish holati e’tibor markazida bo‘ldi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, hisobot davrida xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari tomonidan tegishli mutasaddilarga jami 2 ming 581 ta deputatlik so‘rovi yuborilgan, mingdan ortiq ijro organi rahbarlarining hisoboti eshitilgan, 78 masala sessiyalarga kiritilgan. “Deputat va tadbirkor muloqot forumi” hamda “Deputat investorga madadkor” loyihalari orqali tadbirkorlarning muammolari hal etildi. 

Shuningdek, o‘tgan yarim yillikda partiya tuzilmalari, deputatlar, faollar va ekspertlar bilan hamkorlikda 436 marta tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, 13 mingdan ortiq tadbirkor qamrab olindi. Murojaatlar bilan ishlashda 1 ming 396 murojaat ko‘rib chiqilib, ularning aksariyati ijobiy hal etildi. 

Yig‘ilishda islohotlarning bugungi shiddati partiya dasturini o‘zgartirishni taqozo etayotgani qayd etildi. Shundan kelib chiqib, partiyaning yangilangan dasturini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh tarkibi va vazifalari tasdiqlandi. Muhokama etilgan barcha masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilindi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA