Bugun Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi haqida to‘xtalib o‘tilib, referendum jarayonida partiyaning faol ishtirokini ta’minlashga e’tibor qaratildi.
— "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etdi, — dedi partiya rahbari A.Haitov. — Umumxalq muhokamalari natijasida loyiha tom ma’noda xalq Konstitutsiyasiga aylandi. Ta’kidlash joizki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirishda tashabbuskor partiya sifatida O‘zLiDeP a’zolari va deputatlari faol ishtirok etdi. Partiyaning dasturiy maqsad-vazifalaridan kelib chiqib berilgan aksariyat takliflar qonun loyihasida aks etgani alohida e’tiborga molik.

Muhokamalarda so‘z olgan partiya faollari Konstitutsiyaviy qonun loyihasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi, tadbirkorlarning qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni mustaqil tanlashi va amalga oshirishga haqli ekanligi kafolatlanayotgani, mol-mulk, uy-joy daxlsizligi masalasi belgilanganiga alohida to‘xtalib, bu normalar partiya elektorati manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Majlisda 2023 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda partiyaning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha takliflar, fikr-mulohazalar bildirildi.
Bayon qilingan taklif-tavsiyalardan kelib chiqib, targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali tashkil qilish, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik orasida tushuntirish borasida vazifalar belgilab olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA