Buxoroda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi viloyat tashkilotining navbatdagi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning barcha quyi bo‘g‘inlari yig‘ilishlari, tuman, shahar konferensiyalaridan saylangan delegatlar, partiya faollari va faxriylari, mahalliy Kengash deputatlari qatnashdi.
Tadbirda muddatidan oldin O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lib o‘tadigan saylovda faol ishtirok etish hamda partiya viloyat tashkilotidan O‘zLiDePning XI S’ezdiga delegatlar saylash masalasi muhokama qilindi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, bugun mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini uyushqoqlik bilan, yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish borasida aniq vazifalar belgilab olinmoqda.
Konferensiya davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan so‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda ulkan islohotlar amalga oshirilganligiga alohida urg‘u berildi. Birgina tadbirkorlik faoliyatini zamonaviy bozor munosabatlari talablaridan kelib chiqqan holda ushbu jarayonni yanada erkinlashtirish bo‘yicha qator ishlar bajarilganligi, jumladan, tadbirkorlar faoliyati ustidan turli tekshiruvlarga moratoriy joriy qilinganligi, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tubdan soddalashtirilganligi, davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish, raqobatni qo‘llab-quvvatlash orqali davlatning iqtisodiyotga aralashuvi cheklanganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Shu bilan birga, viloyatda qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhiti yaratilgani, natijada tadbirkorlar hamda tadbirkorlik sub’ektlarida ish bilan band bo‘lganlar safi tobora kengayib borayotganligi aytib o‘tildi. O‘z navbatida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi bugun yurtimizda olib borilayotgan bu kabi xalqchil va hayotiy islohotlarning muvaffaqiyatli borishi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan siyosiy kuch ekanligi qayd etildi.
[gallery-12073]
Partiyaning butun maqsad istagi olijanob va tanti xalqimizga xizmat qilish, olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichda davom ettirish, yurtimizni dunyoning yetakchi davlatlari safidan o‘rin olishi uchun xarakat qilish, mana shu yo‘lda butun xalqimizni birlashtirishdan iborat ekanligi e’tirof etildi.
– Shu kunlarda mamlakatimizda katta siyosiy tadbir – muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda, – deydi O‘zLiDePning Buxoro viloyati kengashi vakili Bobomurod Ochilov. –Viloyatimizda ham Prezident sayloviga tayyorgarlik doirasida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, O‘zLiDePning Buxoro viloyatidagi qariyb 79 ming nafar a’zolarni birlashtirgan 855 ta boshlang‘ich partiya tashkilotida ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli vazifalar amalga oshirilib kelinmoqda. Dastlab, partiya viloyat, tuman va shahar Kengashlari huzurida saylovoldi shtablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularga yetarli bilim va tajribaga ega partiya mas’ullari va faollari jalb qilindi. Shu bilan birga amaldagi saylov Kodeksiga muvofiq O‘zLiDePning Prezidentlikka nomzodini qo‘llab-quvvatlovchilar imzolarini to‘plash ishlari boshlab yuborildi. Bunda belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy rioya etilgan holda qisqa muddat ichida viloyat bo‘yicha salkam 20 mingga yaqin saylovchilar imzolarini to‘plashga erishildi. Saylovga tayyorgarlikning keyingi bosqichida – Boshlang‘ich partiya tashkilotlarining umumiy yig‘ilishlari o‘tkazildi.
O‘zLiDePning bo‘lajak XI S’ezdiga delegatlarni saylash bilan birga muddatidan ilgari o‘tkaziladigan Prezident saylovida partiyaning ishtiroki, ushbu muhim siyosiy jarayonda partiya faollari va mahalliy Kengash deputatlari oldida turgan dolzarb vazifalar ham muhokama qilindi.
Konferensiya so‘ngida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining XI S’ezdida qatnashish uchun Buxoro viloyatidan delegatlar saylandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA