O‘zLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan Toshkent davlat yuridik universitetida “Bizning Konstitutsiyamiz” loyihasi doirasida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Loyiha doirasidagi uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi rahbariyati va Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Tadbir davomida yangi tahrirdagi Konstitutsiyada oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik berilishi, tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olinishi, nodavlat ta’lim tashkilotlari qo‘llab-quvvatlanishi to‘g‘risidagi qoidalar yosh avlod hayotini yaxshilash, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy mutaxassisliklarni egallagan holda hayotda o‘z o‘rnini topishi va shaxsiy rivojlanishi uchun imkoniyat yaratilayotgani ta’kidlab o‘tdi.

Qayd etilganidek, so‘nggi besh yilda oliygohlar soni 77 tadan 210 taga, ularga qabul esa, 5 baravarga ortib, talabalar soni 1 millionga, oliy ta’lim qamrovi – 9 foizdan 38 foizga oshdi. Davlat grantlari soni ham 2 baravar ko‘payib, 40 mingtaga yetdi, magistratura uchun grantlar soni 5 baravarga oshdi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri 2023 yil 1 maydan e’tiboran kuchga kirdi. Bunga 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendum natijasiga ko‘ra, 11 ta moddadan iborat tegishli qonunning qabul qilinishi asos bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA