Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida yoshlarga bo‘lgan e’tibor davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan. Shu ma’noda, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Namangan viloyati kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Solijon Mo‘minov tashabbusi bilan Respublika Ichki ishlar vazirligi qoshidagi akademik litseyda yoshlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Dastavval, ishtirokchilar uchun Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi qoshidagi “Jasorat” muzeyiga sayohat tashkil etilib, Vatanga sadoqat va fidoyilik namunasi bo‘lgan ajdodlarimiz hayoti hamda xizmat faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

Tadbirning asosiy qismida deputat va yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazilib, unda davlatimiz rahbarining Namanganda viloyat faollari bilan uchrashuvi hamda xalqaro forumdagi nutqida ilgari surilgan g‘oyalar, yosh avlod vakillarining jamiyatdagi faol o‘rni, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Savol-javob jarayonida yigit-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi. Solijon Mo‘minov o‘z nutqida yoshlar mamlakat taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi ekanini ta’kidlab, ularning bilim va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash partiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida faol ishtirok etgan yoshlarga partiya tomonidan esdalik sovg‘alar topshirildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.