O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. Yig‘ilish avvalida davlatimiz rahbarining Bryusseldagi Yevropa kengashi bosh qarorgohi – “Yevropa” binosida Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuvining ahamiyati haqida fikrlar bildirildi.

Deputatlar yetakchilar tomonidan imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi tarixiy bitimni yuqori baholadi. Ushbu keng qamrovli hujjat O‘zbekiston bilan Yevropa ittifoqi hamkorligining nafaqat huquqiy asoslarini kengaytirishi, balki yangi kun tartibini shakllantirishi ta’kidlandi.
Shuningdek, barcha darajalarda faol, sermahsul muloqot va almashinuvlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi. Tashrif arafasida O‘zbekiston delegatsiyasi Yevropa Ittifoqining “Global darvoza” ikkinchi forumida ishtirok etdi.
Shu bilan birga, Yevropaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv natijasida energetika, kimyo, muhim minerallar, logistika, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida umumiy qiymati 10 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishildi. Fraksiya a’zolari bu natijalar mamlakatimiz taraqqiyotida, iqtisodiyot rivojida muhim ahamiyatga ega ekanini alohida qayd etdi.

Muhokamalarda deputatlar YeI bilan iqtisodiyotning turli sohalarida olib borilayotgan hamkorlik partiya va uning deputatlik korpusi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA