O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Haitovning “O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlari yangi bosqichda” nomli maqolasi Ozarbayjonning qator OAVlarida aks-sado berdi.
Mazkur maqolada mamlakatimizda «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotgani, natijada aholining turmush farovonligi yanada oshib borayotgani, iqtisodiy o‘sish barqarorligi ta’minlanayotgani batafsil e’tirof etilgan.

Shuningdek, ichki islohotlar fonida tashqi siyosat yo‘nalishi ham alohida ahamiyatga ega bo‘layotgani, Ozarbayjon Respublikasi bilan har tomonlama aloqalar mustahkamlanib borayotganiga urg‘u berilgan. “So‘nggi ikki yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 50 foizdan ziyod oshdi va 2024 yilda 181 million dollarga yetdi. Hukumatlararo qo‘shma komissiya tuzildi, to‘qimachilik, kimyo va logistika sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Ozarbayjon biznes doiralari Navoiy va Jizzax viloyatlariga investitsiya kiritishga katta qiziqish bildirmoqda.
Shu tariqa, geosiyosiy vaziyat tez o‘zgarib borayotgan va mintaqaviy hamjihatlikka ehtiyoj kuchayib borayotgan bir sharoitda O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sherikligi tobora mustahkamlanib bormoqda. Davlatlarimiz o‘zaro hurmat, pragmatizm va birodarlik tamoyillariga asoslangan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish mumkinligini namoyon etmoqda. Bundan tashqari, ular mintaqaviy hamkorlikning barqarorlik, ochiqlik va tinchlikka qaratilgan namunasiga aylanmoqda”, deyiladi A.Hayitovning maqolasida.

Shuningdek, partiya yetakchisi Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyevning oqilona siyosati natijalari haqida ham to‘xtalgan. Mamlakatda barqaror iqtisodiy o‘sish ta’minlanayotgani, Ozarbayjonning iqtisodiy muvaffaqiyatlari esa energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va savdo sohalarida O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam asos yaratayotganini qayd etgan.
Ta’kidlash lozimki, partiya rahbarining ushbu maqolasi Ozarbayjon davlat axborot agentligi, “Yangi Ozarbayjon” partiyasi sayti, “Unikal” axborot sayti, Ozarbayjon partiya yoshlar qanotining sahifasi, “Ozarbayjon” gazetasi — rasmiy davlat gazetasi va uning rasmiy saytida chop etildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA