Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 16 dekabr kuni banklar ishtirokida mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadli qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar Buxoro viloyati korxona tashkilotlarida ham atroflicha o‘rganib chiqilmoqda.
O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitovning Buxoro viloyatiga tashrifi G‘ijduvon tumani hokimligida mahalliy tadbirkorlar, fermerlar, deputatlik guruhi a’zolari, mahalla fuqarolar yig‘inlari mas’ullari va faollari, bank muassasalari mutasaddilari, yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishdan boshlandi.

Yig‘ilishda so‘z olgan partiya yetakchisi A.Xaitov Prezidentimizning videoselektordagi ma’ruzasi bank sohasi xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklashini, mahallalarda aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, kam ta’minlangan fuqarolarni daromadli qilishga erishish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olinganligini alohida ta’kidladi.
G‘ijduvonlik soha xodimlari ham endilikda o‘z xizmat vazifalarini davlatimiz rahbari ko‘rsatmalari asosida tashkil etib, partiya mas’ullari hamda mahalliy Kengash deputatlari bilan hamkorlikda faoliyat olib borishlari talab etilmoqda. Bu borada Uychi, Sayxunobod, Zarbdor va G‘ijduvon tumanlarida bank xodimlari ko‘magida keyingi paytda amalga oshirilgan ishlar e’tiborga sazovorligi A.Xaitov tomonidan alohida ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda videoselektorda ilgari surilgan boshqa bir qator vazifalar yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirilib, mahalliy tadbirkorlar va xalq vakillarining bu boradagi o‘rinli takliflari tinglandi.
G‘ijduvon tumanining “Pamuza” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilgan “Oltin toj” xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti partiya yetakchisi A.Xaitovning navbatdagi manzili bo‘ldi.

Har tomonlama pishiq-puxta ishlab chiqilgan, zamonaviy andozalar asosida barpo etilgan 2 qavatli binoda joylashgan ushbu MTT 250 nafar maktabgacha yoshdagi kichkintoylarni qamrab olish imkoniyatiga ega. Bu yerda bandligi ta’minlangan oliy va o‘rta ma’lumotli 20 nafardan iborat malakali pedagoglar o‘g‘il-qizlarda ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.
Mahalliy Kengash deputati Zamira Safarova sa’y-harakati bilan barpo etilgan ushbu tarbiya maskanida yosh avlodning har tomonlama sog‘lom voyaga yetishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Qulay va ko‘rkam jihozlar bilan ta’minlangan bog‘cha oshxonasida kichkintoylar kuniga 4 mahal sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlab kelinmoqda.

A.Xaitov maktabgacha ta’lim tashkiloti ishchi-xodimlari va tarbiyalanuvchilari uchun yaratib berilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Bog‘cha xodimlari bilan o‘tkazilgan suhbat chog‘ida, ushbu tarbiya maskani faoliyatini yanada yaxshilash yuzasidan tegishli tavsiya va maslahatlarni berdi.
A.Xaitov tumanning “Zargaron” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan umumiy maydoni 2 gektardan iborat agrar sohada ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan Sharof Umarov rahbarligidagi “Shohruh” fermer-xo‘jaligidagi fermer xo‘jaligi limonariyda ham bo‘lib, uning ish faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Bu yerdagi 1 gektar maydonda 1400 tup limon ko‘chatlari parvarish qilinmoqda. Hisob-kitoblarga qaraganda 4-5 yildan so‘ng har tupdan 35-50 kg gacha shifobaxsh limon mahsulotlari yetishtirish ko‘zda tutilmoqda.

Issiqxonaning qolgan 1 gektarida bodring parvarishi yo‘lga qo‘yilgan. Yana bir necha kundan so‘ng esa jami 26 ming tup pomidor nihollarini ham ushbu maydonga o‘tqazish rejalashtirilgan.
A.Xaitov limonariy va fermer xo‘jaligi faoliyatiga yuqori baho berib, paxta va g‘alla yetishtirishda ham peshqadamlar safida bo‘lishiga ishonch bildirdi. Tumandagi boshqa mahallalarda ham ushbu tajribani keng yoyish kerakligini ta’kidladi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.