Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zLiDeP targ‘ibotchisi”: amaliy uchrashuv
16:17 / 2026-02-18

Ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zLiDeP targ‘ibotchisi” loyihasi doirasida joylarda partiya g‘oya va maqsadlarini keng targ‘ib qilish, ayniqsa, yoshlar, ayollar hamda faol fuqarolar bilan samarali muloqot o‘rnatish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu munosabat bilan OʻzLiDeP To‘rtko‘l tuman Kengashi tomonidan “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘inida “Yoshlar, ayollar va faol fuqarolar bilan targ‘ibot usullari” mavzusida amaliy uchrashuv tashkil etildi.

To‘rtko‘l ko‘p tarmoqli texnikumi o‘qituvchi va talabalari ishtirokida o‘tgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, xalq deputatlari To‘rtko‘l tuman Kengashidagi OʻzLiDeP deputatlik guruhi a’zolari, targ‘ibotchi faollar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

Tadbir davomida partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini aholi qatlamlariga yetkazishda zamonaviy va samarali targ‘ibot usullaridan foydalanish muhimligi ta’kidlandi. Xususan, yoshlar bilan ishlashda ularning qiziqish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, innovatsion g‘oyalarini rag‘batlantirish, ochiq muloqot va davra suhbatlari tashkil etish samarali vosita ekani qayd etildi.

Ayollar bilan ishlashda esa, ularning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, huquqiy savodxonligini oshirish, oila va jamiyatdagi faolligini kuchaytirishga qaratilgan loyiha va tashabbuslar haqida keng tushunchalar berildi. Faol fuqarolar bilan hamkorlikni mustahkamlash, mahallalarda ochiq muloqotlar o‘tkazish, aholini qiynayotgan muammolarni o‘rganib, ularning yechimi yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish targ‘ibot ishlarining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.

Tadbir ishtirokchilari targ‘ibot faoliyatini faqat ma’ruzalar bilan cheklab qo‘ymasdan, interaktiv usullar – savol-javoblar, amaliy treninglar, keys-tahlillar va hayotiy misollar asosida tashkil etish lozimligini ta’kidladilar. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar imkoniyatlaridan keng foydalanish, aholi bilan doimiy va tizimli aloqa o‘rnatish zarurligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar asosida kelgusida targ‘ibot ishlarini yanada takomillashtirish, partiyaning joylardagi faolligini oshirish hamda aholi ishonchini mustahkamlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Mazkur tadbir “O‘zLiDeP targ‘ibotchisi” loyihasining amaliy bosqichi sifatida partiyaning xalq bilan muloqotini yanada kuchaytirish, yoshlar, ayollar va faol fuqarolarni islohotlar jarayoniga keng jalb etishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri.