English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OʼzLiDeP Siyosiy Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi
16:55 / 2021-01-25

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda partiyaning 2020 yildagi faoliyati yakunlari hamda Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiquvchi partiya oldida turgan dolzarb vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining bu galgi Murojaatnomasida ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik qator dolzarb masalalar ilgari surildi. Muhim va dolzarb vazifalar belgilab berildi. Shu jihatdan OʼzLiDeP mamlakatdagi yetakchi siyosiy partiya sifatida barcha imkoniyatlarini Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan maqsadlarga erishish yo‘lida faol va samarali ishtirok etish uchun to‘la safarbar etishni maqsad qilgan.

Mazkur Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda partiya o‘zining aniq kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqqan bo‘lib, unda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator vazifalar belgilab olingan.

Xususan, 2021 yil mamlakatimizda «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili», deb e’lon qilingani va shu bilan o‘g‘il-qizlarimizni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish hamda tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan partiya qator startap loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratadi.

Murojaatnomada kambag‘allikni qisqartirish borasida kompleks yondashuv va nostandart usullarni joriy etish bo‘yicha ulkan vazifalar ma’lum qilindi. Bu ishlarni amalga oshirishda partiya «Temir daftar»ga kiritilgan har bir fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha «motivatsiya, ko‘nikma va moliyaviy ko‘mak» tamoyili asosida yangi mexanizm joriy etmoqchi. Partiya bu borada aniq loyihalarni ilgari surish niyatida. Xususan, «Bir deputat - to‘rt yuz fuqaroga madadkor» loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, bunda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga OʼzLiDePdan saylangan deputatlarni aholiga yanada yaqinlashtirish, shu orqali yordamga muhtoj yurtdoshlarimizga ko‘mak ko‘rsatish, ularni doimiy daromadga ega bo‘lishi uchun zarur sa’y-harakatlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Tan olish kerak, ayrim joylarda davlat organlari tizimidagi rahbar va mutasaddilar tomonidan tadbirkorlarning mulkka doir huquqlarini buzish holatlari hali-hanuz davom etmoqda. Murojaatnomada bunday mansabdorlarni ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha Biznes-ombudsmanga vakolat berish taklifi ilgari surilgani mamlakatimizda tadbirkorlikni keng quloch yoyishiga xizmat qiladi. Bu jarayonda OʼzLiDeP va uning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi mazkur belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib tadbirkorlarga yelkadosh bo‘lish, ularni doimo qo‘llab-quvvatlash, ishbilarmonlarning haq-huquqlarini, ayniqsa, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlashga xizmat qiladigan qator qonunlarni yaratishni o‘zining ustuvor vazifalardan biri sifatida e’tibor qaratadi.

Yig‘ilish ishtirokchilari ushbu tarixiy murojaatnomada tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, ularning sonini qisqartirish hamda Tadbirkorlik kodeksini ishlab chiqish ilgari surilgani, tom ma’noda tarixiy voqea bo‘lganligini alohida ta’kidlab o‘tishdi. Ushbu tashabbusni huquqiy jihatdan mustahkam qilib tayyorlash, zarur taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish partiya zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Endilikda yurtimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish, ishbilarmonlik harakatiga keng yo‘l ochish, tadbirkorlik faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rish zarurligi aytib o‘tildi.

Majlisda murojaatnomada keltirilgan vazifalarni Deputatlik nazorat-tahlil faoliyatida, mansabdor shaxslarning eshituvlarini tashkil etishda, xalq deputatlari Kengashlari sessiyalari muhokamasiga masalalarni olib chiqishda aks etilishini ta’minlash vazifalari yuklandi.

Shuningdek, partiya fraksiyasi a’zolari Prezidentimiz murojaatnomasi, partiyaning dasturiy maqsad va vazifalari, Saylovoldi dasturidan kelib chiqqan holda elektorat manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan yangi qonun loyihalarini ishlab chiqish ishlarida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda jamoatchilik muhokamasiga e’lon qilingan 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» davlat dasturi loyihasiga partiyaning aniq maqsadli takliflarini kiritish masalasi ham muhokama qilindi. Bu borada partiya va uning fraksiyasi joylarda tadbirkorlar, ishbilarmonlar, keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida turli uchrashuvlar, muloqotlar tashkil qilib, davlat dasturi loyihasiga aniq asoslantirilgan takliflar bildirish lozimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda shuningdek, OʼzLiDePning o‘tgan davrdagi faoliyati ham tanqidiy-tahliliy sarhisob qilindi. Partiya tuzilmalari tomonidan o‘tgan davrda qilingan ishlarga tahliliy-tanqidiy nuqtai nazardan yondashilib, barcha vazifalar, ishlar ko‘lami avvalo mamlakatimiz rahbarining 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisga murojaatnomasi doirasida berilgan muhim topshiriqlar asosida tashkil etilganligi ta’kidlandi.

Qilingan ishlar birma-bir sarhisob qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham ro‘y-rost aytildi. Kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarib ularni aniq reja va dasturlar asosida bosqichma-bosqich hal etish choralarini ko‘rish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Partiya Siyosiy Kengashi yig‘ilishida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

OʼzLiDeP matbuot xizmati