Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zLiDeP nomzodlari saylovchilar bilan uchrashdi
17:27 / 2024-10-04

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasining Urgut tumanida joylashgan korxonalarida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlarning tadbirkorlar, yirik kompaniyalar vakillari hamda ishchi-xodimlar bilan uchrashuvi o‘tkazildi.

O‘zLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi maqsadlariga hamohang partiya saylovoldi dasturi haqida ma’lumot  berdi.

– Erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni birgalikda qurish –saylovoldi dasturimizning oliy maqsadi, – dedi A.Hayitov. – Bunga erishish uchun 5 yo‘nalishda 500 ta vazifa belgilangan. Xususan, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish va shu orqali sanoat mahsulotlari hajmini 1,4 barobarga, mehnat unumdorligini 2 barobarga oshirish, 115 milliard dollarlik yirik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishni rejalashtirganmiz. Bunda raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan korxonalarning eksport faoliyatini jadallashtirish, “Chip sanoati”, sun’iy intellekt, nanotexnologiyalar kabi ilg‘or tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqamiz. Kichik sanoat zonalarida investitsiya majburiyatini bajargan tadbirkorlarimizga yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat berishning qonuniy asoslarini yaratishni rejalashtirganmiz. Salohiyatli tadbirkorlarga kichik va yoshlar sanoat zonalaridan 10 yilgacha bo‘lib to‘lash imtiyozi bilan yer ajratishni ham qo‘llab-quvvatlaymiz.  

Uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlar so‘zga chiqib, o‘z saylovoldi dasturlarining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida ma’lumot berdi hamda saylovchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.

O‘zLiDeP nomzodlari, shuningdek, Samarqand davlat universiteti Urgut filialida ham saylovchilar bilan uchrashdi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari