Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatidagi ishonchli vakili saylovoldi tashviqotini boshladi.
Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialida bo‘lib o‘tgan dastlabki uchrashuvda viloyat faollari, O’zLiDeP elektorati vakillari, tibbiyot xodimlari, mehnat faxriylari, xotin-qizlar va yoshlar ishtirok etdi.

Ishonchli vakil, Namangan viloyati Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Ikromxon Najmiddinov saylovchilarni Prezidentlikka nomzodning tarjimai holi hamda saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston – ijtimoiy davlat deb e’lon qilingan. Yangilangan Qomusimizda davlatning ijtimoiy majburiyatlari uch barobar ko‘paytirildi. Konstitutsiyaviy qoida va talablardan kelib chiqib, adolatli ijtimoiy siyosatni yuritish – Yangi O‘zbekistonni barpo etishning asosiy omillaridan biri etib belgilangan. Nomzodning beshta ustuvor maqsad va sakkizta muhim tashabbusni qamrab olgan saylovoldi dasturi ham har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratishni nazarda tutadi. Xususan, o‘rtacha umr davomiyligini 73 yoshdan 78 yoshga yetkazish maqsadida sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar davom ettiriladi. “Gepatit S” kasalligini to‘liq davlat hisobidan davolash choralari ko‘riladi. Aholiga kafolatlangan tibbiy paket bepul taqdim qilinadi. Eng asosiysi, ehtiyojmand oilalarning onkologik kasalligi bor farzandlarida o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish uchun xarajatlarni to‘liq davlat hisobidan qoplashga zarur moliyaviy resurslar jalb qilinadi. Qolaversa, sog‘liqni saqlash tizimi raqamlashtirilib, tibbiy sug‘urta tizimini joriy qilish bo‘yicha ilgari surilayotgan takliflar ham saylovchilar tomonidan mamnuniyat bilan qarshi olinmoqda.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyilini hayotga tatbiq etish borasida amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlarga to‘xtalib, nomzodning saylovoldi dasturidagi maqsad-vazifalar ham bu boradagi islohotlarni izchillik bilan davom ettirishda hamohang ekanini ta’kidladi.
Tadbir yakunida ishonchli vakil yig‘ilganlarni Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishga chaqirdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.