Shu kunlarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi keng o‘rganilib, tashkilot va idoralarning, muassasa va mehnat jamoalarining undan kelib chiqadigan ustuvor vazifalari belgilab olinmoqda.
Jumladan, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi ijroiya qo‘mitasi hamda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining qo‘shma yig‘ilishida ham Murojaatnomadan kelib chiquvchi partiya va fraksiya oldidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishni partiya raisi, parlament quyi palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari A.Haitov kirish so‘zi bilan ochdi:
– Prezidentimiz Murojaatnomasida erishilgan natijalar, kelgusidagi vazifalar haqida so‘z yuritilib, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sud tizimidagi masalalar ochiq-oydin bayon qilindi, bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi. Mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2023 yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilgani O‘zLiDeP zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Bu borada partiya ta’lim sifatini oshirish, yoshlarning kasb-hunar egallashi, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish hamda tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga katta e’tibor qaratadi. Shuningdek, Murojaatnomada barcha sohalar qatori partiyamizning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sanalgan iqtisodiy islohotlar qat’iy davom ettirilib, xususiy sektor yanada qo‘llab-quvvatlanishi alohida e’tirof etildi.
Endilikda hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, barcha tuman va shaharlarni bir maromda rivojlantirish bo‘yicha yangicha yondashuvlar joriy etiladi. Xususan, kelgusi yildan tuman va shaharlar mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib, 5 ta toifaga ajratiladi. Tadbirkorlar uchun subsidiya, kreditlar va kompensatsiyalar toifalardan kelib chiqib ajratiladi. Ular uchun soliq stavkalari har xil bo‘ladi. Bu esa hududlar iqtisodiyotining baraqaror rivojlanishiga, iqtisodiy potensialni oshirishga, aholining farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi, – dedi A.Haitov.
Tadbir ishtirokchilari 1 yanvardan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 15 foizdan 12 foizga pasaytirish hisobiga tadbirkorlar ixtiyorida yiliga kamida 14 trillion so‘m mablag‘ qolishi, ilg‘or tajribalar asosida soliq va bojxona ma’murchiligi isloh qilinishi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratdilar. Bu kabi imkoniyatlar partiya elektorati bo‘lgan tadbirkorlarning soni oshishiga, ularning imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
M.Komilova,
O‘zA