Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan ochiq muloqot tashkil etilib, fraksiyaning 2025 yildagi faoliyati yuzasidan jurnalistlarga axborot berildi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan yilda fraksiya elektorat manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlar huquqlarini ta’minlash, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilash, iqtisodiy sohadagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda sohaning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishga ustuvor ahamiyat qaratdi.

O‘tgan yilda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi birgalikda “Taraqqiyot bloki”ni tuzdi. Parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etgan ushbu blok fraksiyalar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. “Taraqqiyot bloki” doirasida fraksiyalar o‘rtasida doimiy maslahatlashuv mexanizmi yo‘lga qo‘yilib, qonun loyihalarini ishlab chiqish, ularni takomillashtirish hamda parlament nazorati tadbirlarini amalga oshirishda o‘zaro hamjihatlik ta’minlanmoqda.

Hisobot yilida fraksiya a’zolarining tashabbusi bilan qonun ijodkorligi yo‘nalishida 2 ta qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritildi. Shuningdek, fraksiya a’zolari boshqa fraksiyalar bilan hamkorlikda 14 ta qonun loyihasini ishlab chiqishda ham tashabbuskor bo‘ldi.

Fraksiya a’zolarining joylardagi o‘rganishlari natijasida jami 10 ta parlament nazorati tadbiri amalga oshirildi. Fraksiya tashabbusi bilan 2 ta parlament eshituvi, 2 marotaba “Hukumat soati” tashkil etildi. Fraksiya tomonidan mansabdor shaxslarga 6 ta parlament so‘rovi, shuningdek, saylovchilar murojaatlari asosida 36 ta deputat so‘rovi yuborildi.
Shuningdek, deputatlarning saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqoti doirasida jami 2 ming 786 ta uchrashuv o‘tkazildi. 7 mingdan ortiq aholi xonadoni, 3,5 ga yaqin tadbirkorlik sub’ekti hamda 2 ming 625 ta ijtimoiy soha ob’ektiga tashriflar amalga oshirildi. Ushbu o‘rganishlar davomida aniqlangan masalalar fraksiya majlislarida muhokama qilinib, tegishli vazirlik va idoralarga takliflar kiritildi.
Ochiq muloqotda fraksiyaning 2026 yilga mo‘ljallangan rejalari haqida ham atroflicha axborot berildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA