Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zLiDeP fraksiyasi 2021 yilgi vazifalarni belgilab oldi
16:55 / 2021-02-09

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Prezidentimizning “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni hamda undan kelib chiqadigan vazifalar muhokama qilindi.

– Davlat dasturi xalqimizning ezgu maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgani bilan katta ahamiyatga ega, – dedi fraksiya rahbari A.Haitov. 

– Chunki unda yechimini kutib turgan ko‘plab muammolarga e’tibor berilgan. Masalan, dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun, shu jumladan, yangi o‘zlashtirilgan, lalmi, foydalanilmayotgan yer maydonlarida 0,1 gektardan 1 gektargacha yer ajratilishi, ularni sug‘orish tizimi va elektr energiyasi bilan ta’minlanishi nazarda tutilgan. Demak, bundan buyog‘iga qishloq xo‘jaligida ish yuritishning yangicha shakli – klaster usulini yanada ommalashtirish, klaster, kooperatsiyalar tizimining huquqiy asosini yaratish lozim bo‘ladi. Bu borada “Qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasi to‘g‘risida”gi, “Agroklasterlar to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilish maqsadga muvofiqdir. Zotan, klaster elga manfaat keltiradi, odamlarni ish bilan, daromad bilan ta’minlaydi.

Yig‘ilishda xalq vakillari Davlat dasturining partiya dasturidagi vazifalarga hamohang jihatlari va undan kelib chiquvchi vazifalarga to‘xtalib o‘tishdi.

Deputatlarning aytishicha, koronavirus pandemiyasi davrida Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlik sub’ektlariga 2020 yil 31 dekabr holatiga qoldiqda turgan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha berilgan foizsiz kechiktirish summasi, “xufiyona iqtisodiyot” ulushini qisqartirish uchun soliq auditi o‘tkazishda “tahlika-tahlil” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilgan holda soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan kichik tadbirkorlik sub’ektlarida soliq auditi o‘tkazilishiga moratoriy joriy yilning oxirigacha uzaytiriladi. Bu, o‘z navbatida, sohaning jadal rivojlanishiga, ming-minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, Dasturda iqtisodiyotni rivojlantirish, jumladan, kambag‘allikni qisqartirish va uzoq muddatli barqaror iqtisodiy o‘sishning poydevorini yaratish maqsadida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun keng imkoniyatlar yaratilishi belgilab berilgan. Endilikda deputatlar bu borada hamkor tashkilotlar bilan birgalikda har qarich yerdan unumli foydalanish, yoshlarga yerlarni ajratib berishda adolat tamoyillariga e’tibor qaratishi zarur.

Mamlakatimiz hududida yo‘l-transport hodisasi bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar tahliliga ko‘ra, 2018 yilda 13 ming 701, 2019 yilda 24 ming va 2020 yilda 16 ming 23 ta tan jarohati bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Ushbu ma’muriy huquqbuzarliklar Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan rasmiylashtirilib, tegishliligi bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun sud idoralariga yuborilgan.

Yo‘l-transport hodisasi ishtirokchilarining 40 foizi bir-biriga e’tirozi yo‘qligi va maqsadi sug‘urta tovonini olish ekanini bildirgan. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda Yo‘l patrul xizmati inspektori chaqirilib, hujjatlar rasmiylashtiriladi, tibbiy narkologik tekshiruvdan o‘tkaziladi va sug‘urtalovchiga xabar beriladi.

Albatta, bu harakatlarni amalga oshirish uchun o‘rtacha 30-50 kun sarflanadi va fuqarolarning ortiqcha sarson bo‘lishi va qo‘shimcha xarajatlar qilishiga sabab bo‘ladi.

Fraksiya yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishga doir qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida bu boradagi muammolarning yechimi o‘z aksini topgan.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 212-modda Yo‘l-transport hodisasi haqidagi bildirishnoma rasmiylashtirish munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod etish normasi kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonunining 3-moddasiga Yo‘l-transport hodisasi haqidagi bildirishnoma degan tushuncha kiritilishi va unga ta’rif berilishi ko‘zda tutilmoqda.

 

Nurillo NASRIEV, O‘zA