Bu yilgi saylovlarga “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori bilan kirib kelayotgan O‘zLiDeP o‘zining yangi Saylovoldi dasturida bir qator muhim maqsad-vazifalarni ilgari surmoqda.
Xususan, partiya elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha belgilangan ijtimoiy normalar miqdorlarini mavsumiylik, xonadon a’zolarining ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgani va oilalar sonidan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqish, energiya ta’minoti sohasidagi moliyaviy hisobotlarda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashni o‘zining muhim vazifasi deb biladi.
Bundan tashqari, har bir oilani uy-joy bilan ta’minlash va buning uchun kelgusi yillarda 1 million xonadonli uy-joy qurishga erishish, yangi uy-joy sotib olgan fuqarolarga qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmini qaytarib berish, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini tizimli davom ettirish hamda maosh oluvchi fuqarolarni mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 barobarigacha daromad solig‘idan ozod etish kabi tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Shuningdek, Saylovoldi dasturda keksalar sog‘lig‘ini tiklash va mazmunli dam olishi uchun alohida dastur va “Keksalar salomatligini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish orqali 70 yoshdan oshgan keksalarga bepul tibbiy va zarur ijtimoiy xizmatni kuchaytirish ilgari surilmoqda.
Shu kunlarda joylarda o‘tkazilayotgan saylovchilar bilan uchrashuv va targ‘ibot tadbirlarida patiyaning kelgusi besh yillikdagi eng muhim vazifalari keng targ‘ib etilmoqda.
O‘z navbatida, saylovchilar ham muhim siyosiy jarayon – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatligiga bo‘lib o‘tadigan saylovlarning mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimizning ertangi kelajagini bunyod etishdagi ahamiyatini e’tirof etmoqda.
M.Komilova, O‘zA