Sirdaryo viloyatida O‘zLiDePning tashabbuskor va madadkor faoliyati mahallalardagi xotin-qizlar hayotida sezilarli o‘zgarishlar yaratmoqda. Partiyaning viloyat va tuman kengashlari, mahallalar uyushmalari hamda hokim yordamchilari hamkorligida ishsiz va kam daromadli xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularning bandligini ta’minlash va daromadini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda.
Xususan, Mirzaobod tumanidagi Do‘ngariq mahallasida istiqomat qiluvchi Gulbahor Abduxoliqova partiya tuman bo‘limi va mutasaddilar maslahati bilan tomorqadan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘ydi. U 4 sotix yer maydonida bir mavsumda uch marta hosil olishga erishmoqda. Pomidordan bo‘shagan yerga kuz oylarida sarimsoq piyoz ekib, bugungi kunda uni bozorga chiqarish arafasida turibdi.
– Eng muhimi, daromad barqaror bo‘lmoqda. Ilgari tomorqachilikka jiddiy yondashmagan ekanmiz. Endi esa har bir sotix yerning qadrini anglab yetdik, – deydi u.
Shu mahallalik Muqaddas Hoshimova 2 sotix yerda limonzor tashkil etib, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Natijada oila a’zolari ham ishli, ham daromadli bo‘ldi. Dehqonobod mahallasida yashovchi Zulfiya Shirinova tikuvchilik faoliyatini kengaytirib, 5 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minladi. Umida Pirnazarova esa xususiy bog‘cha tashkil etib, 8 nafar ayolning bandligini ta’minlashga erishdi.

Sardoba tumanida ham bu kabi ijobiy misollar talaygina. Quyitosh, Navro‘z, Paxtakor, Ravot, Bo‘ston, Do‘stlik va Fayzliobod mahallalarida xotin-qizlar tomorqachilik, tikuvchilik, qandolatchilik kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritib, oilaviy daromad manbaini kengaytirmoqda.
– O‘tgan yili partiya ko‘magida imtiyozli kredit olib, tikuvchilik faoliyatini boshlagan edim, – deydi “Bo‘ston” mahallasida yashovchi Zebo Nuraliyeva. – Bugun faoliyatim ancha kengaydi. Kasanachilik asosida tikayotgan mahsulotlarimiz orqali bir nechta xotin-qizlarni ish bilan ta’minladik. Eng muhimi, oilamiz farovonligi tobora oshmoqda.
Yaqinda partiya viloyat kengashi mas’ullari — ayollar muammolarini o‘rganish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mudiri Nasiba Rustamova, tuman kengashi apparati rahbari Dilshoda Mo‘minova hamda deputat Nodirabegim Hamidovalar faol xotin-qizlar bilan uchrashuv o‘tkazishdi. Uchrashuv davomida joylardagi muammolar o‘rganilib, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, moliyaviy va maslahat ko‘magini kuchaytirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi.
– Maqsadimiz — ishsiz va kam daromadli xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi rolini mustahkamlash va iqtisodiy faolligini oshirish, – deydi Nasiba Rustamova. – Bu nafaqat oilalar farovonligi, balki mahallalar taraqqiyotiga ham xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri