Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zlashtirilmagan yer maydonlaridan unumli foydalaniladi
16:56 / 2023-05-01

Prezidentimizning 2023 yil 12 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Sirdaryo viloyati Xovos tumanida o‘zlashtirish mumkin bo‘lgan yer maydonlari aniqlanib, foydalanishga qaytarish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

Tuman hududidagi kanal va zovurlarning himoya qismi hamda dala maydonlari chetlarida bo‘lgan ushbu yerlarni o‘zlashtirish iqtisodiy jihatdan qulayligi bilan ham ajralib turadi. Chunki ushbu yer maydonlarida agrotexnik tadbirlarning eng muhimi hisoblangan sug‘orish ishlarida ortiqcha vaqt va mablag‘ talab etilmaydi.

Mavjud imkoniyat, bilim, kuch hamda vositalar ishga solinib, o‘zlashtirilgan yer maydonlarida irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirgan holda muayyan infratuzilmani hamda faoliyat uchun yetarli qulaylikni yaratish nazarda tutilgan.

Ta’kidlash joizki, o‘zlashtirilayotgan yerlar birinchi navbatda kam ta’minlangan, muqim daromadga ega bo‘lmagan oilalarga berilishi rejalashtirilgan. Ular shuning orqasidan ozmi-ko‘pmi daromadga ega bo‘ladi, ro‘zg‘orini tebratadi. Qolaversa, bozorlarimizda bu yerda yetishtirilgan mahsulotlar hisobiga mo‘l-ko‘lchilik, arzonchilik bo‘ladi, oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanadi.

Ma’lumot o‘rnida, o‘zlashtirilayotgan yerlarning bir qismiga dukkakli o‘simliklar ekilgan, shuningdek qolgan yerlarga poliz mahsulotlari, sholi va asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish ko‘zda tutilgan.

Shuhrat Suyarov,  

O‘zA