Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining joriy yil to‘qqiz oydagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
O‘tgan davrda Inspeksiya tomonidan sohada qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilinishi yuzasidan 73 ta tashkilotda tekshirishlar o‘tkazilib, 464 ta kamchilik aniqlangan. Aniqlangan holatlar bo‘yicha 68 tat ashkilotga ko‘rsatma, 6 ta tashkilotga taqdimnoma kiritilgan. 32 nafar mansabdor shaxsga ma’muriy va 12 nafar mas’ul xodimga intizomiy choralar qo‘llanilgan.
To‘qqiz oyda 207 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik ishi ko‘rib chiqilib, jarimalar qo‘llanilgan.
Inspeksiyaga kelib tushgan 5 ming 854 ta murojaatning 85 foizdan ortig‘i qanoatlantirilgan. Murojaatlar soni esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9 foizga kamaygan.
Shuningdek, Inspeksiya tomonidan raqamlashtirish yo‘nalishida 1 276 ta loyiha ijrosi monitoring qilingan bo‘lib, ularning 90 foizi to‘liq bajarilgan. Axborot xavfsizligi yo‘nalishida 151 ta veb-sayt monitoring qilinib, aniqlangan kamchiliklar mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etilgan.
Mobil aloqa sohasidagi nazorat tadbirlari natijasida 357 ta noqonuniy qurilmalar faoliyati cheklangan bo‘lsa, 1 285 ta yangi tayanch stansiyalari ishga tushirilgan va 2 000 dan ortiq stansiyalarda modernizatsiya ishlari amalga oshirilgan.
Muhokamalar davomida “O‘zkomnazorat”inspeksiyasining faoliyati samaradorligini oshirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish jarayonlaridagi nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, fuqarolar va biznes sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berildi.
M.Komilova, O‘zA