Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi noqonuniy o‘rnatilgan repiter qurilmalarini fosh qilmoqda
10:55 / 2023-08-07

Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi "O'zkomnazorat" inspeksiyasi va “Elektromagnit” moslashuv markazi tomonidan respublika bo‘ylab xonadon va binolarda noqonuniy o‘rnatilgan repiter qurilmasini aniqlash bo‘yicha reyd tadbirlari o‘tkazmoqda.O‘rganish davomida Respublikaning deyarli barcha viloyatlarida kuchlanish quvvati 500 mlVatdan oshgan, qonun doirasidan mutlaqo oshgan gadjetlarni o‘rnatgan shaxslar aniqlanmoqda.

“O‘zkomnazorat” inspeksiyasidan ma’lum qilishlaricha,  keyingi olti oy ichida noqonuniy o‘rnatilgan repiterlar yuzasidan 78 murojaat kelib tushgan.Murojaatlar yuzasidan o‘rganish olib borilganida, bino va xonadonlarda noqonuniy o‘rnatilgan 191 qurilma borligi ma’lum bo‘ldi.  

Bunday holatlarning eng ko‘pi Toshkent shahrida qayd etilgan. Ya’ni poytaxtda 90 ta noqonuniy repiter qurilmasi aniqlandi. Samarqand viloyatida 43, Toshkent viloyatida 15, Farg‘ona viloyatida 10, Andijon viloyatida 9, Xorazm viloyatida 4, Buxoro viloyatida 3,  Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2,  Qashqadaryo, Navoiy va Namangan viloyatlarida 1 tadan noqonuniy repiter qurilmalari aniqlandi.  

Shundan 176 tasiga ogohlantirish berilgan, 15 tasi ma’muriy javobgarlikka tortildi. Ogohlantirishlarga qaramay qonunni davomli ravishda buzgan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslar esa bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha jarimaga tortildi.  

Reyd tadbirlari davom etmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad esa aloqa sifati pasayishining oldini olishdir. “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi fuqarolardan aloqa sohasida turli shikoyatlar bo‘lgan taqdirda, inspeksiyaning 1144 qisqa raqamli “ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qilishni so‘raydi.

 N.Abduraimova, O‘zA